Senat 29-yalpi majlisida «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206−1-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, ishlab chiqishda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholining daromadlari, ularning ijtimoiy-psixologik holati, shuningdek, oilalarni saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro tashkilotlarning takliflari inobatga olinmagan.

Xususan, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha qonunchilikni ishlab chiqishga doir BMT tavsiyalarida oiladagi zo‘ravonlik sodir etganlikda ayblangan shaxslarga jarima solishni jabrlanuvchiga tushadigan yuk sifatida qarash va shuning uchun huquqbuzarlar uchun nomaqbul jazo turi sifatida qarash kerakligi nazarda tutilgan.

Muhokama jarayonida tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun belgilangan jazo amalda jabrlanuvchiga yuk sifatida tushayotganligi qayd etildi.

«Agar himoya orderini bajarmaganlik uchun qonunda taklif qilinayotgan jarima miqdorini oshiradigan bo‘lsak, jabrdiydaning o‘ziga yuk bo‘ladi. Chunki jamiyatimizda ko‘p holatlarda ayollar turmush o‘rtog‘iga qaram hisoblanadi. O‘z navbatida, u oiladagi asosiy ta’minotchi. Agar jarima miqdorini oshiradigan bo‘lsak, u jarimani to‘laydi, ammo xotini, bolasining imkoniyati shu bilan chegaralanib qolishi mumkin», — dedi Tanzila Narbayeva.

«Boshqacha aytganda, oila boshlig‘i ayoliga „sen tufayli jarima to‘layapman, demak, boshqa mablag‘ kerak bo‘lsa ham bera olmayman“, deyishi mumkin. Umuman olganda, jarimani erkakka yuklash jabr ko‘rgan ayolni ham jazolash deb hisoblash mumkin», — dedi yuqori palata raisi.

Mahalliy hamda xorijiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderini buzgani uchun jarimaga tortish Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida konvensiyasining 2-moddasi (xotin-qizlarga nisbatan har qanday kamsituvchi hatti-harakatlar va harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyish) bo‘yicha O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini buzishiga olib kelish ehtimolini kuchaytiradi.

Bu esa, o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Majlis davomida oiladagi tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish uchun nafaqat javobgarlikni oshirish, balki birinchi navbatda ma’naviy, tarbiyaviy hamda oilani kelgusida har tomonlama moddiy va barkamol jihatdan yashab ketishini ta’minlash uchun tegishli tizimli va mantiqiy bog‘liq bo‘lgan ketma-ket choralarni keltirib chiqaruvchi qonun normalarni ishlab chiqish zarur ekanligi ta’kidlandi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi Qonunni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.