Qozog‘istonda mehnat ekspluatatsiyasi maqsadida majburan ushlab turilgan 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi ozod etilib, vatanga qaytarildi, deb xabar berdi Dunyo AA.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, uch nafar fuqaro Olmaotadagi O‘zbekiston Bosh konsulligiga murojaat qilib, o‘ldirish bilan tahdid qilayotgan bir guruh mahalliy aholi 10 kishini xususiy uyda ushlab, shaxsiy buyumlari va mobil telefonlarini olib qo‘yganini ma’lum qilgan.

Bosh konsullik xodimlari Olmaotadagi huquq-tartibot idoralari vakillari bilan birgalikda o‘zbekistonliklar joylashgan hududga borib holatni o‘rganishdi, shundan so‘ng, ular Bo‘stondiq tuman politsiya bo‘limiga olib ketildi.

Gumondorlarga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat Kodeksining 389-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Undan keyin, «Rodnik» jamoatchilik jamg‘armasi bilan hamkorlikda o‘zbekistonliklar uch mahal ovqatlantirish sharoitiga ega xostelga joylashtirilgan.

Tergov tadbirlarini amalga oshirilib, o‘zbekistonliklarning pasport va shaxsiy buyumlari qaytarilgach, ular 1 avgust kuni avtovokzalga Olmaota-Toshkent yo‘nalishidagi reysga kuzatib qo‘yilgan.