Davlat soliq qo‘mitasi 2022 yilning yanvar-iyun oylarida ish haqi hisoblangan xodimlarning o‘rtacha maoshi haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, yanvar oyidan beri 5 mln 372,2 ming nafar fuqaroning rasman ish haqi hisoblanadi. Ularga jami 82 trln 498,1 mlrd so‘m maosh hisoblangan.

Ishchilar soniga hisoblaganda har bir xodimga o‘rtacha oylik ish haqi — 2 mln 776,4 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Viloyatlar kesimida olinganda o‘rtacha eng ko‘p oylik ish haqi Toshkent va Navoiy, eng kam oylik esa Farg‘ona va Sirdaryo hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xususan, viloyatlarda o‘rtacha oylik ish haqi:

  • Toshkent shahrida — 4 mln 408,7 ming so‘m;
  • Toshkent viloyatida — 2 mln 847,7 ming so‘m;
  • Navoiy viloyatida — 3 mln 779 ming so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 2 mln 445,6 ming so‘m;
  • Andijon viloyatida — 2 mln 292,3 ming so‘m;
  • Buxoro viloyatida — 2 mln 261,6 ming so‘m;
  • Qashqadaryo viloyatida — 2 mln 113,5 ming so‘m;
  • Surxondaryo viloyatida — 2 mln 102,3 ming so‘m;
  • Samarqand viloyatida — 2 mln 096,4 ming so‘m;
  • Jizzax viloyatida — 2 mln 089,5 ming so‘m;
  • Xorazm viloyatida — 2 mln 083,1 ming so‘m;
  • Namangan viloyatida — 2 mln 057,9 ming so‘m;
  • Sirdaryo viloyatida — 1 mln 985,6 ming so‘m;
  • Farg‘ona viloyatida — 1 mln 969,9 ming so‘mga teng.

Avvalroq, Statistika qo‘mitasi 2022 yilning yanvar-iyun oylarida (qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda kichik tadbirkorlarsiz) yuridik shaxslarning o‘rtacha oylik ish haqi 3,5 mln so‘mni tashkil etganini ma’lum qilgandi. Bu o‘tgan yilning mos davriga (2,9 mln so‘m) nisbatan 119,3 foizga oshgani aytilgandi.