O‘zbekistonda 1 avgustdan boshlab Twitter, WeChat va «Vkontakte» ijtimoiy tarmoqlariga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi. Shunga ko‘ra, «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi o‘tgan yilning yozida «qora ro‘yxat»ga kiritgan ijtimoiy tarmoqlar qonunbuzarlar reyestridan chiqarildi.

Mazkur ro‘yxatda faqat TikTok qolmoqda. AOKAning ma’lum qilishicha, ushbu platformani ham blokdan chiqarish borasida muzokaralar davom etmoqda.

Rasmiylar hozircha mazkur ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishida keltirilgan vajlar — O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari qayta ishlanadigan serverlarni mamlakat ichida joylashtirish masalasi qay darajada hal etilgan yoki yo‘qligi haqida axborot bermadi.

Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlarga kirish imkoniyati tiklanganiga o‘zbekistonliklar, jumladan, Twitter hamda Telegram foydalanuvchilari qanday munosabat bildirdi? «Gazeta.uz» e’tiborga molik va qiziq fikrlarning barchasini bir materialga to‘pladi.

1 yildan ko‘proq blokda turgan, shunday bo‘lsa-da, VPN orqali ishlab turgan Twitter`da nima gap?

Kuzatishimiz bo‘yicha, Twitter bloklangan vaqtda ko‘pchilik VPN`ni yoqib-o‘chirishga eringanidan, shunchaki tarmoqqa kirmay qo‘ygan foydalanuvchilar qaytyapt. Shuningdek, blogerlar o‘zlarining boshqa tarmoqlarida ham Twitter sahifalarini obunachilariga ulashishni boshlab yubordi.

Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev agar hozir yosh bo‘lganida biror heshtegni trendga chiqarib qo‘yishini yozdi.

U, shuningdek, kompyuterdan Twitter`ga kirish boshqacha hissiyot berishini ham qo‘shimcha qilgan.

«Bemalolxo‘ja» nomi ostidagi foydalanuvchi (ayrim manbalarda uning Professional futbol ligasi rahbari ekanligi aytiladi) esa VPN`ni o‘chirib tashlash kerakligi to‘g‘risida savol qo‘ygan.

Bloger Umid Gafurov esa barchani tabrikladi.

Boshqa foydalanuvchilar ham VPN masalasida savol bilan yuzlangan. Unga bloger Dilshod Hoshimov esa quyidagicha javob bergan:

Jurnalist Usmon Ibodov esa Twitter blokdan yechilganini poyezdda vaqti bilgan chamasi, o‘sha vaqtni o‘zidayoq tvit yozgan.

Bloger Nurbek Alimov esa VPN`siz tvit yozib, bazaviy huquq qaytarilgani uchun hech kimga rahmat aytmasligini ma’lum qilibdi.

Sport jurnalisti Davron Fayziyev ham uzoq vaqtlik tanaffusdan so‘ng Twitter`ga qaytdi.

Bloger Xushnudbekdan sarkazm:

Iqtisodchi Behzod Hoshimov o‘zbekistonliklarning «qonuniy haqlari qisman qaytarib berilganini» aytdi.

Iqtisodchi, shuningdek, Twitter blokdan ochilgani munosabati bilan «xonadonlarda bayram shukuhi» kezib yurganini yozib qoldirdi.

«Baqiroq Bambr» esa (manbalarning aytishicha, ushbu akkaunt egasi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev) Behzod Hoshimovning tvitini davom ettirib, o‘z taklifini bildirdi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev esa mazkur tvit ostiga shunday izoh qoldirgan:

Umid Gafurov esa unga kimdir mazkur yangilik haqida 1 oy avval aytganida kulib yuborishini yozgan:

«Kama Noir» esa avvaldan Twitter`da bo‘lgan foydalanuvchilarga murojaat qilmoqda:

Jurnalist Qahramon Aslanov esa Twitter ochilishi munosabati bilan o‘zi bilgan foydalanuvchilardan qanday tvit kutganligi haqida yozgan.

Telegram foydalanuvchilarida nima gap?

Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov mazkur holatga quyidagicha izoh qoldirdi: «Bloklash — faqat zarar va ahmoqlik».

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning fikricha, «axborot makonini yopib qo‘yish, fikrlar plyuralizmiga to‘sqinlik qilishga urinishlar jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qilmay, aksincha, uni orqaga tortishi — isbot talab qilmaydigan haqiqat».

Davletovuz esa «bloklashning o‘zi kalta o‘ylangan qadamligini» qayd etdi. «Bloklash hech qachon yechim bo‘lmagan. Mazkur o‘zgarishlar katta ehtimol bilan Prezident administratsiyasidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Eslatib o‘tamiz, yaqinda Sardor Umrzakov administratsiya rahbari sifatida ish boshladi», — dedi u.

«Safar» Telegram-kanalida yozilishicha, «shu yashab turgan zamonimiz bir ajoyib-u, g‘aroyib». «Twitter`ning ochilishi O‘zNetda rezonansli voqea sifatida qaralmoqda, blogerlar buni tasdiqlab yozishmoqda. Ko‘rib quvonasan, albatta, bloklash chindan ham yomonligini o‘ylaysan. Aslida, oddiy voqea bular, «tonirovka»ning arzon bo‘lishi, ijtimoiy tarmoqlar bloklanmasligi shunchaki oddiy hol bo‘lishi zarur. Hay, shunisiga ham ko‘p rahmat», — deyiladi postda.

Xushnudbek Xudoyberdiyev esa Twitter yaxshi joy ekanligini aytdi. «Boshida tushunish biroz qiyin bo‘ladiyu, lekin bir tushunib olinsa, adekvat, keng dunyoqarashli va ziyoli insonlar ko‘p u yerda», — deb yozdi u.

Iqtisodchi, bloger Otabek Bakirov «xatolardan biri tuzatilgani uchun rahmat aytilmasligini» ta’kidlagan.

«O‘tgan yili iyulda Twitter va yana qator ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi yangi davrda yo‘l qo‘yilgan xatolardan biri edi. Bu xatoga rahmatli Islom Karimov yoki qamoqda o‘tirgan sobiq epoxa noma’lum otalaridan kimdir tomonidan yo‘lga qo‘ygani yo‘q. Shu zamon, shu makon egalarining xatosi edi bu. Xato olti yildan beri yangi deb kelinayotgan O‘zbekistonga nisbatan tashqarida ancha ko‘p reputatsion savollarni kun tartibiga olib chiqdi. Ichkarida zehniyatda axborot avtokratiyasi qattiqlashayotgani, jamiyatni axborot bilan emas, qo‘rquv va nazorat bilan boshqarishga o‘tilayotgani haqida fikrlar paydo bo‘lishiga va kengayishiga yetarlicha asoslar yaratdi», — deb yozadi iqtisodchi.

Bakirov, shuningdek, endi nima bo‘lishini so‘ramoqda va bir qator savollarni o‘rtaga qo‘ymoqda.

«O‘ztvitterda senzuralanmagan va bitta nuqtadan boshqarilmaydigan fikrning va munozaraning emin-erkin evolyutsiyasini ko‘ramizmi? G‘arb propagandasiga ham, Kreml propagandasiga ham har taraflama yutqazayotgan milliy propaganda Twitter imkoniyatlaridan foydalanadimi? Bittagina odamni ishontirish uchun mo‘ljallangan propaganda prinsiplaridan voz kechiladimi? Yo tarmoqning ko‘p auditoriyali yoki zalvorli foydalanuvchilari identifikatsiyalanishi, ular bilan alohida tartibda muloqot kabi yumshoq kuch pozitsiyasi vositalari ishlatiladimi? Agar shunday bo‘lsa, o‘ztvitter axborot oqimi va yo‘nalishlari maqsad va muddaolarga qarab turlicha darajada boshqariladigan va stop mavzulari mavjud o‘ztelegramning navbatdagi versiyasi bo‘lib qolmaydimi?», — deb yozadi Otabek Bakirov.

«Gazeta.uz» 2021 yilning iyul oyida Twitter, TikTok va VKontakte ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanish cheklangani munosabati bilan Twitter va Telegram foydalanuvchilarining bildirgan ayrim fikr-mulohazalarini taqdim etgandi.