15−16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari sammitida Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha uch tomonlama hujjat imzolanishi rejalashtirilgan. Hozir tomonlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ustida faol ishlamoqda.

Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v. b. Vladimir Norov 2 avgust kuni “O‘zbekiston — Ozarbayjon — Turkiya” muloqot formatining birinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘l koridorini Trans-Kavkaz yo‘lagi bilan bog‘lash mamlakatlarimiz o‘rtasida yagona transport tarmog‘ini yaratadi va Xitoydan Yevropaga savdo geografiyasini kengaytiradi, deb hisoblaymiz, — dedi Vladimir Norov. — Shuning uchun O‘zbekiston Osiyodan Yevropaga eng qisqa quruqlik yo‘lini ta’minlaydigan Zangezur koridorini tiklashdan manfaatdor".

Zangezur yo‘lagi — Armanistonning Syunik viloyati hududidan o‘tuvchi 40 km uzunlikdagi transport koridori loyihasi bo‘lib, rejaga ko‘ra, Ozarbayjonning g‘arbiy viloyatlari va uning Naxchivan anklavini bog‘lashi kerak. Armaniston bu loyihaga rozi emas.

Vladimir Norov ham o‘z nutqida O‘zbekiston uchun Boku — Tbilisi — Kars temir yo‘lining tranzit salohiyatidan foydalanish muhimligini ta’kidladi.

TIV rahbari v. b. tadbir yakunlari bo‘yicha bayonotida uch davlat delegatsiyalari ushbu temir yo‘lning barcha imkoniyatlaridan, shu jumladan Turkiya va Ozarbayjonning xalqaro portlaridan, shuningdek, “Shimol-Janub” va “Sharq-G‘arb” xalqaro transport yo‘laklaridan keng foydalanish rejalashtirilganini qayd etib o‘tdi.

“O‘z mintaqalarida o‘tkazish nuqtalari bo‘lib kelgan O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya faqat „tranzit punktlari“ funksiyasi bilan cheklanib qolmasdan, mavjud transport yo‘nalishlari bo‘ylab ishlab chiqarish, logistika va savdo punktlarini tashkil etish orqali iqtisodiy yo‘laklarni shakllantirishlari kerak”, — dedi Vladimir Norov.