2 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Loyihasi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning, shu jumladan nogironligi bo‘lgan mahkumlarning huquq doirasi kengaytirilib, xalqaro huquq normalari bilan muvofiqlashtirilmoqda.

Majlisd nutq so‘zlagan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yaxyojon Abdulxakovнинг so‘zlariga ko‘ra, amaldagi tartib bo‘yicha mahkumlar bir necha yil davomida koloniyalarda ishlasa-da, umumiy mehnat stajiga qo‘shilmaydi. «Ayrim mahkumlar jazoni ijro etish mussasalarida bir necha yil ishlagan davri uchun pensiya ta’minotiga ham ega bo‘lmaydi», — dedi u.

Yaxyojon Abdulxakov.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasida jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga jalb etilgan mahkumlarga koloniyalardagi ish stajini ularning umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibi joriy etilmoqda.

Qolaversa, mahkumlarga rag‘batlantirish, muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish choralarini ko‘rish uchun asos bo‘ladigan mahkumning tuzalish yo‘liga o‘tganligini baholovchi mezonlar belgilanyapti.

Mazkur mezonlar yuzasidan deputatlarda ko‘plab savollar tug‘ildi va ular o‘z e’tirozini bildirdi.

Avvaliga, Adolat partiyasi deputati Qodir Jo‘rayev Jinoyat-ijroiya kodeksi 97−1-modda (Mahkumlarni tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi mezonlar) bilan to‘ldirilayotganiga o‘z fikrini bildirdi.

Qodir Jo‘rayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchta baholash mezoni qaysi xorijiy davlat tajribasidan kelib chiqib taklif etilayotgani aniqlashtirilmagan. «Na tushuntirish xatida, na qiyosiy jadvalda xorijiy tajriba keltirilmagan. Mahkumlarning xulq-atvorlarini baholashda qayda davlatlarda qaysi mezonlar qo‘llaniladi? Umuman xorijiy tajriba bu qonun loyihalarini tayyorlashning talablaridan biri hisoblanadi. Lekin bu yerda xorijiy tajriba to‘g‘risida [gap] yo‘q, mana shu baholash mezonlari qayerdan olingan?», — dedi u.

IIV vakili esa mazkur savolga javob berishga qiynaldi. «Juda ham o‘rinli savol. Mahkumlarning xulq-atvorlarini baholash mezonlari aslida, o‘sha eski Jinoyat ijroiya kodeksimizning 102-moddasida bor. Lekin, biz baholash qanday mezonlar asosida baholanishini sal kengaytirib yoritganmiz. Aslida bu…», — dedi u.

Shu joyda quyi palata Spikeri Nurdinjon Ismoilov munozaraga aralashdi va vaqtni bekorga sarflamaslik uchun o‘zi ham loyihasiga e’tiroz bildirdi.

Nurdinjon Ismoilov.

«O‘ta jiddiy savol. Mana shu qonunni bor qiladigan ham, yo‘q qiladigan ham norma shu. Qodir Asadovichning savolini men aniqlashtiraman. 97−1-moddada mahkumlarning xulq-atvorini baholashni berayapsizlar. Buni ochib berayapsizlar, bu [mezon]ga birorta mahkum tushmaydi», — dedi u.

Spikerning so‘zlariga ko‘ra, «mahkumga qo‘yiladigan talablar shundayki, buni birorta mahkum qilolmaydi». U buni isbotini ham keltirib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, mehnatga va ta’limga vijdonan yondashish mezoni qayd etilgan bo‘lib, mezonni baholashda mahkumning belgilangan ish normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil mehnat qilish ko‘nikmalarining shakllanganligi, o‘qishga va kasb egallashga bo‘lgan qiziqishi inobatga olinadi.

«Bajara olmay qolsachi, ish normalari qancha bo‘lishini qayerdan bilamiz? Uning qobiliyati pastroq bo‘lishi mumkin. Ongli ravishda degani nima? Uni ongli ham, ongli emas ham deyish mumkin. Kim buni baholaydi? Mahkum 60 yoshdan o‘tgan bo‘lsa, uning o‘qishini nima keragi bor?», — deya savol bilan yuzlandi Nurdinjon Ismoilov.

Navbatdagi mezon sifatida esa mahkumning qamoqxonada tashkil etiladigan tarbiyaviy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarning o‘tkazilishidagi faol ishtiroki, shaxsiy tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo‘lishi e’tiborga olinishi qayd etilgan. «Umuman ishtirok etmayman desachi? Masalan, qiziqmaydi, u umuman boshqacha odam. Tashabbusi yo‘q. Demak, bunga ma’muriyat xohlasa oladi, xohlamasa olmaydi. Mahkumlarni tuzalish yo‘liga o‘tgan deb baholanishi uchun mezonlar shunchalik qiyin qilinayaptiki, ertaga ma’muriyatga juda katta imkoniyat berayapsizlar», — dedi Qonunchilik palatasi Spikeri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur mezonlarni har bir mahkumdan birdek talab qilish noto‘g‘ri, chunki kimdir ishga, kimdir esa o‘qishga, yana kimdir tashkilotchilikka qolibiyati bo‘lishi mumkin. «Bu mahkum uchun emas, balki ma’muriyat uchun qilingan», — dedi Nurdinjon Ismoilov.

IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshqarma boshlig‘i Jamshid Sultonov mazkur o‘zgarishlar yuzasidan tushuntirish berishga urindi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 60 yoshdan oshganlarga boshqa normalar qo‘llaniladi, qolaversa, mahkumlar bilan har kuni tarbiyaviy muloqotlar olib boriladi.

Jamshid Sultonov. Arxiv surat, u hozir polkovnik unvonida.

«Amaldagi uchta talab ijrosi yuzasidan bir yilda o‘rtacha 10−11 ming nafar mahkumni ozod qilib kelayapmiz. Bizga davlat dasturi bilan [mezonlarni] aniqroq ochib beringlar degan vazifasi qo‘yilgandi… Ming afsuski, shunaqangi mahkumlarimiz ham borki, o‘zi sog‘lom, jinoyati oqibatida yetkazilgan zarari bor, lekin ishlashni, to‘lashni xohlamaydi. Deylik, tadbirlarga jalb qiladigan bo‘lsak, chiqishni xohlamayman, shaxsiy vaqtim, dam olishim kerak, degan e’tirozlar ko‘p bildirilgan», — dedi u.

Nurdinjon Ismoilov esa bu izohni qabul qila olmasligini aytib, mutaxassislardan shu uchta mezonga javob bersagina mahbus tuzalish yo‘liga o‘tgan deb topilish yoki yo‘qligini so‘radi. Jamshid Sultonov esa «huddi shunday» deb javob qaytardi.

«Unda mahkumlarning birortasi tuzalish yo‘liga o‘ta olmaydi. Bunga ideal odam bo‘lishi kerak. Sizlar shunaqa shartlar qo‘yayapsizlarki, hozir Jinoyat ijroiya kodeksini ham ko‘ramiz, u yerda ham bu darajada yozilgan emas. [Bu mezonlar qabul qilinsa,] uni xohlagan vaqtda tuzalish yo‘liga o‘tkazmay qo‘yaverasizlar. Sizlarda [qamoqxonada] intizomiy jazo berish osonligini bilamiz», — dedi QP Spikeri.

Uning ta’kidlashicha, ilgari amnitsiya e’lon qilingan davrda hech kim tushmasligi uchun mahkumlarga intizomiy jazolar berilgan. Mahkumlarni bu mezonlarga kiritish yoki kiritmaslik obyektiv bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, bu qarorni qabul qilishda kimlar qatnashishini so‘radi.

IIV rahbarining o‘rinbosari Yaxyojon Abdulxakov jamoatchilikdan komissiya tuzilishini ma’lum qildi. «Baholashni faqat muassasa rahbari hal qilmaydi. Jamoatchilik vakillaridan komissiya tuziladi, unda ombudsmandan tortib, hokimiyat vakillari, deputatlar, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligidan bo‘ladi. Umuman komissiya ichida rais saylab olinadi va hamkorlikda baho beriladi», — dedi u.

Nurdinjon Ismoilov esa mazkur komissiya qaysi qonunchilik hujjatida borligini so‘radi. IIV vakillari Jinoyat ijroiya kodeksining 102-moddasida deb xato javob berishdi. Aslida komissiya va uning vakillari haqida 102−1-moddada qayd etilgan.

Spiker mazkur mezonlarni osonroq qilishni, aks holda hech kim o‘ta olmasligini yana bir bor ta’kidladi: «Men tuzalish yo‘liga o‘tdim, men mehnat qilayapman desa, ma’muriyat — to‘g‘ri sen yaxshi mehnat qilayapsan, o‘z vaqtida ishga chiqayapsan, normani bajarayapsan, boshqalarga o‘rnak bo‘layapman, lekin bilasanmi, madaniy tadbirga chiqmadingda, deydi. Chunki sizlar yuqoridagi mezonlarni to‘liq bajarish kerak deyapsizlar».

Deputatlar va mutaxassislar fikrini tinglagach, quyi palata yetakchisi qonun loyihasi yuzasidan ikkinchi o‘qishgacha yo‘l xaritasi tuzilishi, joylarda va qo‘mitalarda muhokamalar o‘tkazilishi, amaldagi Jinoyat ijroiya kodeksini inventarizatsiya qilinishi, Bosh prokuraturadan boshqa hech kim ko‘rmagan IIVning ichki hujjatlarini ham chaqirtirish kerakligini ta’kidladi. «Ertaga ma’muriyatning foydasiga o‘ynaydigan hujjat bo‘lmasligi kerak, agar mahkumning foydasiga o‘ynasa mayli rozi bo‘lamiz», — dedi Nurdinjon Ismoilov.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat endi 2- va 3-o‘qishda ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur loyiha aprel oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingandi. Loyihada ish stajidan tashqari,