Xorazm va Andijon viloyatlarida fuqarolarni noqonuniy yo‘l bilan ishga kiritib qo‘yishda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

DXX va Departament xodimlari tomonidan Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tadbirda «Yu.» AJ inspektori M. P. fuqaro O.ni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi. Buning evaziga fuqarodan 500 dollar talab qilib, so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi vaziyat Andijon viloyatida ham kuzatilgan. Baliqchi tumanidagi holatda fuqaro D. X. fuqaro A.ning ishonchiga kirib, uni «I. I.» MCHJga ishga kiritib qo‘yish evaziga 9 mln so‘m qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.