2022 yilning 1-yarmida O‘zbekistonda 712 mingta avtotransport vositalari oldi-sotdisi amalga oshirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 barobar ko‘pdir, deya xabar qilmoqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.

Yil boshidan buyon mamlakatning barcha hududlarida avtomobil savdosi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, eng yuqori o‘sish sur’atlari Namanganda 3 barobar (+45,4 ming), Andijonda 2,5 barobar (+32,2 ming), Buxoroda 2,4 barobar (+24,7 ming), Surxondaryoda 2,4 barobar (+23,9 ming) va Farg‘onada 2,4 barobar (+45,7 ming) qayd etildi.

Foto: Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi.

O‘sishning (375 mingta) 17 foizi respublikadagi ishlab chiqarish xajmlarining o‘sishi (64,4 mingta), 1 foizga yaqini importning o‘sishi (2,6 mingta), va qolgan 82 foizi ikkilamchi bozor xajmi o‘sishi evaziga to‘g‘ri keladi (308 mingta).

Birlamchi bozor

Ushbu davr mobaynida ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari umumiy sonining 24% yangi transport vositalaridir. Birlamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni (mahalliy ishlab chiqarish — 160,3 ming, xorijiy — 9,8 ming) 170 ming donani tashkil etib, 2022 yilning shu davriga (103 ming) nisbatan 1,6 barobarga (+67 ming) o‘sdi.

Jumladan, hududlar kesimida eng ko‘p o‘sish Toshkent shahrida — 1,7 barobar (+18 ming), Farg‘ona — 1,8 barobar (+6 ming), Samarqand — 1,6 barobar (+5,6 ming), Xorazm — 1,8 barobar (+5,6 ming), Andijon — 1,7 barobar (+4,9 ming) va Buxoro — 1,7 barobar (+4,8 ming) viloyatlarida kuzatildi.

Ikkilamchi bozor

2021 yilning birinchi yarmida ikkilamchi bozorda o‘rtacha 224 ming dona avtotransport vositalari sotilgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon ushbu ko‘rsatkich 542 ming donani (o‘sish 308 ming) tashkil etdi.

Avtomobillar savdosining bunday keskin o‘sishi 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imning, shuningdek, oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat boji to‘liq bekor qilinishi bilan bog‘liq.

Foto: Birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozori (2021−2022)

Xorijiy avtomobillar savdosi

Joriy yilning 1-yarmida yangi chet elda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari soni 9,8 mingtani tashkil qilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga oshgan.

Chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosining 51 foizga yaqini Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida bu ko‘rsatkich mos ravishda Toshkent — 9%, Qashqadaryo — 7%, Samarqand — 6%, Buxoro — 5%, Navoiy — 5%, Xorazm — 4% va Andijon — 3% viloyatlarida qayd etildi.

Foto: Yangi mahalliy yengil avtomobillar va xorijiy avtomobillar savdosi