21 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida ikki erkak ikki ayolni urib tan jarohati yetkazgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holatga viloyat IIV 29 iyul kuni izoh berdi.

Unda Yangiariq MFY hududida 1980 va 1987 yilda tug‘ilgan ikki erkak 1991 yilda tug‘ilgan ikki ayol bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida o‘zaro janjallashib qolgani, erkaklar ularni urib, tan jarohati yetkazishgani qayd etilgan.

Kun.uz o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, voqea yuz bergan Samarqand tumani Yangiariq mahallasi hududidagi aylanma yo‘l yoqasi 10 yillardan buyon mardikor bozor bo‘lib kelgan. U yerda bir tomonda erkaklar, bir tomonda ayollar yo‘l chetida turib, kunlik ishlarga jalb qilingan.

Ta’kidlanishicha, pastdarg‘omlik yigitlar ertalab «Gazel» mashinasida qishloqlardan yosh-u qari ayollarni shu yerga kunlik ishga olib kelib, kun qorayganda olib ketisharkan, ular «brigadir» deb atalar ekan. Janjal esa 21 iyul kuni soat 17:00 lar atrofida shu yerdagi mardikor ayollar guruhi ichidagi kelishmovchilik oqibatida yuzaga kelgan.

Asli Pastdarg‘om tumanidan bo‘lgan, Kimyogarlar qo‘rg‘onida ijara uyda yashovchi 33 va 25 yoshli opa-singilni go‘yoki o‘sha «Gazel»da mardikorlarni olib keluvchi «brigadir» ayollardan biri haqorat qilgan. O‘rtada chiqqan janjaldan so‘ng, opa-singillar u ayolni M37a yo‘lidagi mashinalar turgan joygacha ta’qib qilib borishgan.

«U «brigadir» ayol meni qattiq haqorat qildi. U yo‘l chetida turgan ikki «Gazel»dan birining ichiga yashirindi. Mashinaga chiqmoqchi bo‘lsak «mashinamga qadamingni bosib harom qilma» qabilida yana haqoratlar eshitdik, bizni turtib, urib tashlashdi. Ha, so‘ngra jahl ustida mashinalarga tosh otdik», — dedi kaltaklangan ayollardan biri.


Mashina haydovchilaridan biri va dastlab o‘sha yerdagi janjalni ajratishga uringan yigit o‘zlariga yopishayotgan opa-singillarni itarib tashlagan, shundan so‘ng, uni haqoratlagan ayollarni ura boshlagan. Singil olgan zarbalari ta’sirida holdan toyib, yer ustida yotib qolgan.

«O‘sha kuni mashinani qo‘yib, kelsak, shu ayollar baqir-chaqir qilib qoldi. Ular bir ayolni sudrab tashladi. Keyin biz ularni ajratdik. Kaltaklangan ayol kelib mashinaga chiqaman deguncha boshqalari oynalarga tosh otib, qo‘lidagi belkurak va „profil“ bilan urib, mashinaning tepasini pachoq qilib tashladi. Ular mashina ichidagi ayollarga tosh otgandan keyin men bordimda, itarvordim. Keyin bittasi kelib oyog‘imga tarmashdi. „Tort qo‘lingni“ deb tepgandim, unisining ko‘kragiga tegdi», — dedi ayollarni kaltaklagan erkaklardan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u ayollarga mashinaga shikast yetkazgani uchun kuch ishlatgan. Ayollar esa avtomobilni tuzatib berishga puli yo‘qligini ta’kidlashgan. Haydovchining aytishicha, ta’mirlashga o‘z yonidan 9,6 mln so‘m sarflagan.


Keltirilishicha, transport vositalari surishtiruv ishlari yakuniga yetgunicha jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Ikkinchi «Gazel» mashinasi egasining aytishicha, hech qanaqa janjalga aralashmagan bo‘lsa-da, uning mashinasiga ham tosh otilib, 3,5 mln so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Reportajda do‘pposlangan ayollardan biri o‘sha kuni pivo ichganini tan olgani va «brigadir» ayol kelib uni haqorat qilmaganida janjal yuzaga kelmagan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlangan.

U «brigadir ayollar» ishchi-ayollarni arzon-garovga ishga jo‘natishini ma’lum qildi. Buning uchun esa ulardan odam boshiga 15 ming so‘mdan haq olishgan. Mardikor ayollar esa kunlik ishda kamida 100 ming so‘m topish uchun kurashishgan. E’tiborlisi, voqea ishtirokchilari — opa-singillar boshqa bir ayolning 4 va 1,5 yoshli bolalariga ham enagalik qilishgan.


Blogerlar va nashrlarda tarqalgan — kaltaklanib, yerda yotgan ayol tepasida turgan bolakay uning farzandi emasligi ma’lum bo‘ldi. U bolani 5 oyligidan buyon qarab, katta qilib kelayotganini qayd etdi.

Ayollar o‘zlarini do‘pposlagan yigitlar bilan bir hududda istiqomat qilgani bois, ulardan da’volari yo‘qligini ham aytgan.

Holatga guvoh bo‘lgan mardikor ayollardan biri janjalni quyidagicha izohladi: «Bu puldorlar qishloqlardan yosh qizlar va ayollarni yig‘ib kelishadi, fermerlarga 15 ming so‘mdan hisoblab topshirishadi. Bizni qari, ishlay olmaydi, deb ish beruvchilarni aynitishadi. Bizlar ham odam-ku, biz ham non yeyishimiz kerak, ro‘zg‘orimiz bor. Uchastka nozirlari ham ular taraf bo‘ladi, shuncha odamni ish bilan ta’minlayapti, deb. Ular xolis o‘rtada turishi kerak, hech kimga yon bosmasdan», — deydi u.

Opa-singillar bilan Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova ham suhbatlashdi.

Zebiniso Rahmonova.

«Bu yerda erkaklarning ayovsiz kaltaklagani — noxush holat. Nima bo‘lgan taqdirda ham erkaklarning ayollarni kaltaklashi zo‘ravonlikdan boshqa narsa emas. Albatta, qonun bor, qoida bor. O‘sha kelishmovchilikni tegishli tashkilotlar bilan yechish mumkin edi. Shuning uchun o‘zim shaxsan holatni qoralayman. Mana shu kaltaklagan erkaklarga nafratim oshdi», — dedi u.

Zebiniso Rahmonovaning so‘zlariga ko‘ra, ayollarni ishga joylashtirish choralari ko‘riladi. «Mana monomarkazimiz bor. Unda parallel ravishda o‘qitib, yana o‘ylab ko‘ramiz, «daftar"lardan birortasiga kiritamiz. Shu bilan birga uy-joy muammolarini hal qilishni o‘zim nazoratga olaman», — dedi u.

Samarqand viloyat IIB JXX huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori Nilufar Sattorova esa voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, holatga Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova munosabat bildirib, huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda, albatta, tegishli jazo chorasi qo‘llanilishini ma’lum qilgandi.