O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omborining chap qirg‘og‘ida joylashgan «Chorvoq oromgohi» («Piramidalar») dam olish maskani sotilganini ma’lum qildi.

Agentlik saytida e’lonning 5 iyul kuni chop etilganiga Spot.uz e’tibori qaratdi. DABA ma’lumotlariga ko‘ra, elektron autsion orqali obyektni sotib olish uchun to‘rt nafar ishtirokchi ariza topshirgan.

Yakunda davlat tender komissiyasi «Piramidalar» uchun 208 mlrd so‘m taklif etgan VIP Logistics kompaniyasini g‘olib deb topdi.

KTYADP ma’lumotlariga ko‘ra, VIP Logistics qo‘shma korxonasi 2011 yil avgust oyida Toshkentda 2,69 mln dollar ustav kapitali bilan ro‘yxatga olingan. Kompaniyaning asosiy faoliyati avtomobil transportidir.

VIP Logistics ta’sichilari sifatida Harvest Industries LP (93%), Jamshid Abdugaparovich Shakirov (5,1%) va Abdigappar Shokirovich Shakirov (1,9%) ko‘rsatilgan. Dilmurad Zakirovich Raxmatullayev kompaniya rahbari hisoblanadi.

Buyuk Britaniya Registratsiya palatasi (Companies House) ma’lumotlariga ko‘ra, Harvest Industries LP 2012 yil may oyida Shotlandiyada tashkil etilgan. O‘zbekiston fuqarosi Tohir Ikromov muhim nazoratga ega shaxs sifatida qayd etilgan.

Britaniya kompaniyasi, shuningdek, tugatilgan Lok Kolor Sintez bo‘yoq va laklar biznesida ham ulushga ega bo‘lgan, shuningdek, Big Bag Production polipropilen qop va ip-kalava zavodining hammuassislari (82,4%) ro‘yxatiga kiritilgan.

Jamshid Shokirov o‘z navbatida Kanteks Invest (50 foiz, paxta tolasini tayyorlash va yigiruv), Rohat Plasteks (100 foiz, noturarjoy binolari qurish), Navo Teks (50 foiz, paxta tolasini tayyorlash va yigirish) va Uzbekistan Hydrogen Peroxide (85 foiz, gazni chuqur qayta ishlash va vodorod periks importi o‘rnini to‘liq qoplash uchun tashkil etilgan loyihalari) kabi kompaniyalarning hamta’sischisi ham sanaladi.

«Piramidalar» joriy kimoshdi savdosiga 2021 yil oktabr oyida qo‘yilgan edi. Spot.uz xabariga ko‘ra, yangi egasi mehmonxonani saqlab qolishi, daraxtlar va butalarni kesishga moratoriyni kuzatishi, shuningdek, IMPRO kompaniyasi oldidagi 573,5 ming yevro miqdoridagi qarzini to‘lashi kerak bo‘ladi.

Avvaliga obyektni 8 qismga bo‘lib sotishga harakat qilindi. Xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror uning ish samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilingan — 2019 yilda dam olish maskani foydasi 2,7 mln so‘mgacha tushib ketdi.