Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) investitsiya dasturini amalga oshirish uchun xalqaro banklar konsorsiumidan 1,2 mlrd dollarlik kredit jalb qildi, deya xabar berdi kombinat matbuot xizmati.

Kombinatga besh yil muddatga kafolatsiz uzoq muddatli sindikatlangan kredit berildi. Banklar konsorsiumi tarkibiga JP Morgan&Chase, Citi, Societe Generale, Credit Suisse, ICBC Standard, Halyk Bank va Deutsche Bank kirdi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Rossiyaning VTB moliyaviy guruhi NKMKni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish uchun jami 1 mlrd dollarlik kredit liniyasi ochishini e’lon qildi, shundan so‘ng tomonlar tegishli kelishuvni imzoladi.

NKMK 2017−2026 yillarda umumiy qiymati 3 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish bo‘yicha 27 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan bo‘lib, bu zavodning ishlab chiqarish quvvatini 30 foizgacha ko‘paytirish imkonini beradi.

Avvalroq, «Spot» NKMKning 2021 yildagi sof foydasi 11,3 trln so‘mni tashkil etgani haqida yozgandi. Yillik ishlab chiqarish hajmi esa 54,25 trln so‘mni tashkil qilib, 2020 yilga nisbatan 10,3 foizna o‘sgandi.