O‘zbekistonda IT-mutaxassislar o‘rtasida sovrini 1 mln dollarlik bo‘lgan prezident tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni Yuqori Chirchiq tumanidagi «Astrum» IT akademiyasida soha mutaxassislari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Davlat rahbariga mazkur taklifni INHA universiteti talabasi Yasmina Аблаеva bildirdi.

U so‘zi avvalida shu yili universitet jamoasi bilan AKT vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida talabalar orasida o‘tkazilgan «mGovAward» respublika tanlovida Tahrirchi mobil ilovasi bilan g‘olib bo‘lganini aytdi.

INHA universiteti talabasi Yasmina Ablayeva.

«Univestitetimiz jamoasi „mGovAward“ startap tanlovida ishtirok etishga qaror qildi. Unda biz „Tahrirchi“ nomli loyihamizni taqdim etdik. Bu o‘zbek tilidagi matnlarda imlo xatolarini tuzatishga yordam beruvchi mobil ilova. U men va boshqa do‘stlarim uchun davlat tili bilan to‘g‘ri ishlashda haqiqiy yordamchiga aylandi», — deya ta’kidladi talaba qiz.

Bunga nisbatan prezident o‘zbek tili grammatikasi juda mushkul yo‘nalish ekani ta’kidladi. «Sherzod (AKT vaziri Sherzod Shermatov — tahr.) dasturni tahlil qilib, oliygohlarga ham bersak yaxshi bo‘ladi. Bu dasturni olishsa, men o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi», — dedi u.

Yasmina so‘zini davom ettirib, jamoasi tanlov g‘olibiga aylangani va 50 ming dollar pul mukofotini qo‘lga kiritganini, mazkur mablag‘larni dasturni kengaytirishga sarflashini ma’lum qildi.

«Men O‘zbekistonda IT-mutaxassislar va kompaniyalar uchun imkon qadar ko‘proq konferensiyalar o‘tkazilishini juda istardim. Nazarimda, bu barcha uchun O‘zbekistonni mintaqaviy IT-hub sifatida ochib beradi», — dedi u.

Yasmina Ablayeva shuningdek, IT-mutaxassislar uchun har yili prezident tanlovini o‘tkazish taklifini bildirdi. Uning fikricha, bu yoshlarning rivojlanishiga ko‘maklashadi va ular O‘zbekiston IT sohasida yosh iste’dodlarni kashf etuvchi makon ekanligini isbotlashadi. Prezident unga yuzlanib, bu tanlovga qancha mablag‘ talab etilishini so‘radi. «Chunki, atrofimdagi odamlar haqiqatni aytishmaydi», — dedi u.

«Aslida, IT — bu juda ijodiy kasb, menimcha, unda ishlayotgan har qanday odam uchun uning loyihasi rivojlanishi, qo‘llab-quvvatlanishi, davlat darajasida taqdim etilishi eng katta mukofot bo‘ladi. Agar odamlar dasturdan foydalansa, bu eng katta sharafdir. Va bu yerda hech qanday budjet kerak emas», — deya javob berdi talaba qiz.

AKT vaziri Sherzod Shermatov.

«Baribir o‘ylayapmanki, agar boshlanishiga 1 mln dollar ajratsak, bu yaxshimi yoki yo‘q? Bu ular uchun kammi yoki ko‘p?», — deya so‘radi davlat rahbari. Shu payt suhbatga AKT vaziri Sherzod Shermatov aralashib, «bu juda katta summa» ekanligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev shuning uchun ham yuqoridagi gapni aytganini ta’kidladi. «500 ming qilaylik desak, bu ham juda katta bo‘lsa», — deb kulib qo‘ydi prezident.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, «mGovAward» loyihasida umumiy sovrin 100 ming dollar va unda ham 5 mingdan ortiq talaba ishtirok etdi. «1 mln dollarni eshitib, hamma talabalar katnashishni istasa kerak».

Mazkur savolga Yasmina javob berar ekan, ushbu raqam keragidan ortiq yaxshiligini qayd etdi.

«Balki, bu katta raqam bo‘lishi mumkin, baribir biz bu pulni topib, bu tanlovni e’lon qilishga harakat qilamiz. O‘ylaymanki, bugun qanday kontingent bilan o‘tirganimni bilaman. Sizlar aqliy jihatdan butunlay boshqacha insonsizlar va ushbu motivatsiya yetarli bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.