29 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Yuqorichirchiq tumanidagi «Astrum» IT akademiyasiga tashrif buyurib, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikatsiya kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari bilan uchrashdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

So‘zi avvalida davlat rahbari O‘zbekiston so‘nggi 5 yilda IT sohasida erishgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, sohaga 2 mlrd dollar, shundan 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirildi.

Bundan tashqari, alohida soliq rejimi joriy etilgan IT parklar tashkil qilindi. Buning hisobiga bugungi kunda IT-parklarda 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislari soni yil boshidan 2,5 barobarga o‘sib, 43 mingga yetdi. Joriy yilning o‘zida mamlakatda 134 ta yangi, jumladan 50 ta xorijiy IT kompaniyalari tashkil etildi, eksportchi korxonalar soni esa 2 baravarga oshdi.

So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashdi va xalqaro reytingda 68-o‘rindan 15-o‘ringa ko‘tarildi.

«Eng asosiysi, IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident e’tiborni kuchaytirib, yoshlarga ozgina sharoit yaratib berilsa, bu sohani yanada yuqoriroq pog‘onalarga olib chiqish mumkinligiga ishonch bildirdi.

Davlat rahbari viloyat hokimlariga bir oy muddatda «Astrum» akademiyasiga kelib, barcha sharoit va imkoniyatlarni ko‘zi bilan ko‘rib, o‘z hududida kamida bittadan shunday IT akademiya tashkil etish loyihasini boshlashga topshiriq berdi.

«Boshqa hududlarda ham bunday IT akademiyalar tashkil qilish istagida bo‘lganlarning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, barcha masalalarini hal qilib beramiz», — dedi u.

O‘zbekiston yetakchisi xorijiy hamkorlar bilan birga maktab, litsey, kollej, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarning IT ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha «Bir million dasturchi» loyihasini davom ettirish, kelgusi besh yilda IT xizmatlari eksportini 1 mlrd dollarga yetkazish rejasini ma’lum qildi.

«Agar yoshlarni IT kasblarga o‘qitishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, ularni sifatli infratuzilma, kompyuter va kafolatli buyurtma bilan ta’minlasak, albatta, bu marraga bemalol erishamiz», — dedi u.

Buning uchun Shavkat Mirziyoyev birinchi galda internet qamrovi va sifatini keskin oshirish zarurligini ta’kidladi. Hozir hududlarning optik tolali tezkor mobil internet (4G) bilan qamrab olish darajasi 70 foiz atrofida. 118 ta qishloqlarga internet ham, mobil aloqa ham kirib bormagan.

Ikkinchidan, IT sohasida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish kerak. Bugungi kunda bunday yoshlarning startaplariga (230 ta) atigi 10 milliard so‘m grantlar ajratilgan. Yoki kompyuter xaridi uchun 3500 nafar yoshlarga kredit berilgan bo‘lsa, kafil yo‘qligi uchun 6500 dan ziyod yoshlarga kredit berish rad etilgan.

Qolaversa, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Navoiyda IT-parklarni tashkil etish ishlari yakuniga yetkazilmagani tanqid qilindi.

Prezident barcha vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlari, oliygohlar rektorlari raqamlashtirishni birinchi navbatdagi vazifalar qatoriga olib chiqishi lozimligini ta’kidladi. Bu borada adliya, mehnat, oliy va xalq ta’limi vazirliklari, soliq, bojxona idoralari, Navoiy kombinati, «Avtosanoat», «Sanoat qurilish banki»da raqamlashtirish bo‘yicha natijalar borligi qayd etildi. Lekin, Transport, Energetika vazirliklari, Veterinariya qo‘mitasi, «Uzbekistan Airports», «Temir yo‘llari», «Agrosug‘urta»da ishlar ahvoli sust.

«Xorijiy korxonalar yoshlarimizga ishonch bildirib, joriy yilning o‘zida 100 mln dollarlik xizmatlarga buyurtma bergan. Lekin, mahalliy korxonalarimiz buyurtmalari bundan ancha kam. Bundan tashqari, hududlarda yoshlarni eksport bozorlariga chiqishga ko‘maklashadigan tizim yaratishimiz shart va zarur», — deya ta’kidladi prezident.

Davlat rahbari maktab, litsey, kollej, texnikum va oliygohlar direktor va rektorlariga murojaat qilib, ularni har bir o‘quvchi va talaba IT bilimlari va chet tillarini egallab chiqishlariga mas’ul bo‘lishga chaqirdi.

«Davlat tomonidan IT sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha kerak bo‘ladigan barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratamiz. O‘zimdan boshlab hamma rahbarlar sizlar bilan doimiy muloqotda bo‘lamiz», — dedi u.