Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar faoliyatida o‘rganishlar o‘tkazadi. Bu prezidentning 27 iyuldagi farmonida qayd etilgan.

O‘rganishlar Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda, har yili 1 fevralga qadar tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida amalga oshiriladi.

Bunda asosiy e’tibor tadbirkorlik subyektlarida o‘tkazilgan tekshiruvlarning qonuniyligi va tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi holatiga qaratiladi. Biznes-ombudsman hududlarda sayyor qabullar o‘tkazadi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘tarilgan masalalarni joyida hal qilish choralarini ko‘radi.

Bundan tashqari, vakil vakolatli organlar uchun hududlarga chiqqan holda tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari bilan ishlash hamda tekshiruvlar o‘tkazish tartibi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etadi.

Biznes-ombudsman har yili 1 martga qadar O‘zbekiston prezidentiga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishining holatiga doir yillik hisobot taqdim etadi.

Avvalroq mazkur farmoni bilan «Business.gov.uz» portali «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portaliga aylantirilgani haqida yozgandik. U orqali tadbirkorlarning murojaati 24 soat davomida qabul qilinadi, onlayn muhokamalar va so‘rovnomalar o‘tkaziladi, yakuni bo‘yicha esa biznes-ombudsman prezident va hukumatga takliflar kiritadi.