sentabr oyidan umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalari faoliyatini tartibga solish talablari soddalashtirilishi kutilmoqda. Tegishli chora-tadbirlar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish prezidentning 27 iyuldagi farmonida qayd etilgan.

Adliya vazirligiga Davlat soliq qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan birgalikda 1 sentabrga qadar tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilmoqda. Hujjatda umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalaridagi faoliyatni tartibga soluvchi talablarni soddalashtirish hamda ushbu sohalardagi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab beriladi.

Bundan tashqari, hujjat bilan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ruxsatnomaga ega yer qa’ridan foydalanuvchilarning hamda yer qa’ri davlat fondi kadastriga kiritilgan yer uchastkalarining ro‘yxatlarini shakllantirishi belgilanmoqda.

Bunda, shakllantirilgan ro‘yxatlarga asosan:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda tegishli yer uchastkalarini Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi;
  • Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tegishli yer uchastkalari ajratilgandan so‘ng bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga yer qa’ridan foydalanish maqsadlari uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida taqdim etadi.

Avvalroq, mazkur farmoni bilan «Business.gov.uz» portali «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portaliga aylantirilgani haqida yozgandik. U orqali tadbirkorlarning murojaati 24 soat davomida qabul qilinadi, onlayn muhokamalar va so‘rovnomalar o‘tkaziladi, yakuni bo‘yicha esa biznes-ombudsman prezident va hukumatga takliflar kiritadi.

Qolaversa, biznes-ombudsman tadbirkorlarni tekshirish jarayoni qonuniyligi va hujjatlar ijrosi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy hokimiyatlarda ham tekshiruvlar o‘tkazishi haqida ham yozgandik. Qolaversa, hududlarda sayyor qabullar tashkil etilib, tadbirkorlar muammolarini joyida hal qilish choralari ko‘riladi.