Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda yangi o‘quv yilidan boshlab yagona maktab formasi majburiy bo‘lmasligini aytdi.

Unga ko‘ra, moslashuv jarayoni uchun ma’lum vaqt kerakligini inobatga olib, yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.

«Yangi o‘quv yili 2022 yil sentabr oyidan boshlab ota-onalar yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qo‘yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday e’tirozlar bildirilmaydi», — dedi u.

Maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo‘yicha maktab ma’muriyati majbur etolmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, vazirlik maktablarda o‘qituvchilar uchun yagona forma talabi joriy etilmaganligini ham ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda joriy o‘quv yilidan boshlab o‘qituvchilar uchun ham yagona forma joriy etilayotganligi haqida hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqalmoqda. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘qituvchilar uchun bunday talab joriy etilmaganligini, bu oddiy „feyk“ xabar ekanligini qat’iy ta’kidlab o‘tmoqchiman», — dedi Baxtiyor Saidov.

Qolaversa, o‘quvchi-qizlarga maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari man etilmaydi. Shuningdek, yubka va kofta yenglarining uzunligi borasida ham ayrim tushunmovchiliklar bo‘lmoqda, deya ta’kidladi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab formasi uchun tasdiqlangan o‘lchamlarda eng minimal uzunlik belgilangan. Ya’ni o‘quvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o‘lchamdan kalta bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, hokimliklar tomonidan kam ta’minlangan oilalarga mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hamda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga ko‘mak berilishi qayd etildi.