Buyuk Britaniya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan sanksiya joriy etilgan shaxslar ro‘yxatini kengaytirdi, deya ma’lum qildi Britaniya hukumati.

Bu safar sanksion ro‘yxatga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning jiyanlari Sarvar va Sanjar Ismoilovlar, 29 nafar gubernator va Rossiya adliya vaziri Konstantin Chuychenko, shuningdek, uning vazirlikdagi «xorijiy agentlar» reyestri uchun javobgar bo‘lgan o‘rinbosari Oleg Sviridenko kiritildi. Ro‘yxatga jami 42 kishi qo‘shilgan.

Britaniya hukumatiga ko‘ra, Sarvar va Sanjar Ismoilovlarning «Buyuk Britaniyada katta manfaatlari bor, ular Londonning eng qimmat hududlaridan hisoblangan Xaygeyt (XVIII asrdan qolgan binolardan iborat yashil turar-joy) va Xempsted-Xitda (London shimolidagi o‘rmon bilan qoplangan hudud) uylarga ega ekanliklari taxmin qilinadi.

Ular O‘zbekistonda tug‘ilgan va Rossiya fuqaroligini olgan Gulbahor Ismoilovaning (Alisher Usmonovning singlisi) o‘g‘illaridir. Gulbahor Ismoilova ham aprel oyida Britaniya sanksiyalari ostida qolgan.

Sarvar Ismoilov, shuningdek, Alisher Usmonovning biznes sherigi Farhod Moshiriyga tegishli «Everton» futbol klubining sobiq direktori sifatida ham qayd etilgan.

Aka-ukalarning Buyuk Britaniyadagi aktivlari muzlatilgan, deyiladi xabarda.