Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan iyun oyi uchun 637 115 nafar iste’molchiga 61,9 mlrd so‘m miqdorida keshbek to‘landi, deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati. Shunday qilib, yil boshidan buyon 885 829 nafar fuqaroga to‘langan summa 248,6 mlrd so‘mga yetgan.

DSQ kamchiliklarni bartaraf etib, iste’molchilarga yanvar-may oylari uchun qaytarilmagan 732,2 mln so‘m keshbekni ham to‘lab bergan.

Avvalroq cheklari eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkaziladigan tadbirkorlik subyektlari ro‘yxati e’lon qilingan edi. Unda keshbek cheklarini taqdim etish bo‘yicha Korzinka, Havas va Makro savdo do‘konlari yetakchilik qilayotgani aks etgan.

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi keshbek uchun chekni ro‘yxatdan o‘tkazishda faol hududlar ro‘yxatini ham e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri keshbek olish uchun cheklarni tasdiqlashda eng yetakchi hudud — 8,5 mln ta chek. Keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo (867 972 ta), Farg‘ona (824 910 ta) va Xorazm (770 906 ta) viloyatlari joylashgan. Chekni ro‘yxadan o‘tkazishda Buxoro (414 775 ta), Navoiy (360 660 ta), Surxondaryo (287 310 ta), Jizzax (282 581 ta) hamda Sirdaryo (210 618 ta) viloyatlari past ko‘rsatkichlarni qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar bank kartalariga xarid summasidan 1% keshbek qaytarilmoqda. Shuningdek, «Gazeta.uz» keshbekni qanday qaytarib olish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma tayyorlagan edi.