UzAuto Motors kompaniyasi yaqin oylarda Chevrolet Tracker-2 va Onix avtomobillari uchun arizalarni qabul qilishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ning kompaniyadagi axborot manbasi ma’lum qildi.

Tracker-2 mini-krossoveri uchun shartnomalarni avgustdan tuzish, avtomobillarni berish esa sentabr oyi boshida boshlanishi kutilmoqda. Onix sedaniga arizalar oktabr oyida qabul qilinadi, ammo xaridorlar mashinani faqat 2023 yil boshida olishlari mumkin bo‘ladi.

UzAuto Motors kompaniyasi 18 iyul kuni Asakadagi zavodida Chevrolet Tracker 2023 avtomobilini seriyali ishlab chiqarishni boshladi. Ishlab chiqaruvchi o‘shanda Tracker-2 narxi bunga qadar Xitoydan olib kelingan import avtomobildan (hozirda narx 255,2 mln so‘mdan 264 mln gachani tashkil etadi) ancha arzonroq bo‘lishiga va’da berdi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 80 mingtani tashkil etadi. Shu yil oxirigacha esa 25 mingta krossoverni sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

«Gazeta.uz» Onix modelini mahalliylashtirish 2022 yil to‘rtinchi choragidan boshlanishi haqida ham xabar qilgan edi. Uzavto Motors sobiq rahbar v. b. Rustam Rajabov O‘zbekistonda sedanning narxi 9−12 ming dollar atrofida bo‘lishini ma’lum qilgan edi.