25−26 iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilgan «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston va Afg‘onistonning energetika sohasidagi hamkorligi muhokama qilindi, deya xabar qildi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev «Afg‘onistonni qayta tiklash — Afg‘onistonda mustahkam tinchlik asosi» sessiyasi doirasida bu boradagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish haqida ma’lumot berdi.

Xususan, Afg‘onistonda «Surxon — Puli-Xumri» 500 kV elektr uzatish tarmog‘ini qurish" investitsiya loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi. Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida Afg‘onistonga sutkalik 24 million kVt.soat yoki yiliga 6 mlrd kVt.soat elektr energiya yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.

Afg‘onistonda elektr tarmoqlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha shartnoma O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari va Da Afghanistan Breshna Sherkat o‘rtasida 2020 yil dekabr oyida imzolangan edi.

2021 yil iyul oyidan boshlab, «Tolibon» harakatining Kobul tomon faol yurishi davrida Afg‘onistonda loyihani amalga oshirish to‘xtatilgan edi. Hozirda loyiha doirasida O‘zbekiston hududida (Surxon podstansiyasidan Afg‘oniston bilan chegaragacha 45 km) 500 kV elektr uzatish tarmog‘i qurilishi yakunlangan.

«Loyiha doirasida Afg‘onistonda qurilish ishlarini boshlash muddatini 2022 yil 31 avgustgacha uzaytirishga kelishib olindi», — deyiladi xabarda.

Loyihaga muvofiq elektr uzatish liniyasining umumiy uzunligi 245,6 km ni tashkil etadi. Shundan 45 km O‘zbekiston hududiga, 200,6 km Afg‘oniston hududiga to‘g‘ri keladi.

Afg‘onistondagi loyiha qiymati 100,1 mln dollarni tashkil etadi. Osiyo taraqqiyot banki hozirda Da Afghanistan Breshna Sherkat loyihasi uchun mablag‘ ochishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oktabr oyida Osiyo taraqqiyot banki Afg‘onistonning sobiq hukumatiga 110 mln dollar ajratgan edi. OTB mablag‘larining asosiy qismi o‘zbekistonlik pudratchilar tomonidan amalga oshiriladigan qurilish ishlariga yo‘naltirilishi kerak edi. 2021 yil dekabr oyida Milliy elektr tarmoqlari va DABS qurilishni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralarni boshladi.