Sirdaryo viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasida yirik miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

2021 yilning dekabr oyida boshqarma mutasaddilari tomonidan 7 ta firma bilan qariyb 2 mlrd so‘mlik 24 turdagi jami (2612 dona) sport anjomlarini xarid qilish uchun 31 ta shartnoma tuzilgan.

Tekshiruv davomida boshqarma hamda firmalarning mansabdor shaxslari sport anjomlari oldi-sottisini sun’iy qimmatlashtirilgan narxlarda amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi.

Sudga oid tovarshunoslik ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, umumiy o‘rtacha bozor qiymati 720,3 mln bo‘lgan sport anjomlari 1,9 mlrd so‘mdan ortiqqa xarid qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.