O‘zbekiston mobil internet narxining arzonligi bo‘yicha dunyodagi 20 ta davlat qatoridan joy oldi. Bu haqda Cable.co.uk portali ma’lumotlariga tayanib, Spot xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil internetning o‘rtacha tarifi narxi yil davomida deyarli 40 foizga arzonlashgan. May oyi holatiga 28 ta tarif rejasini taqqoslash asosida 1 GB mobil trafik o‘rtacha 0,3712 AQSh dollarini tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston jahonda 15-o‘rinni, MDHda esa 2-o‘rinni (Qirg‘izistondan keyin) egalladi.

Foto: Cable.co.uk.

2021 yilda O‘zbekiston 1 GB uchun o‘rtacha 0,6 dollarlik trafik narxi bilan 22-o‘rinni egallagandi. Qirg‘izistondan tashqari Qozog‘iston ham 0,59 dollar bilan oldinda edi.

So‘nggi ikki yilda o‘rinlarda yana sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. 2020 yilda O‘zbekiston 55-o‘rinni (1,34 dollar), 2019 yilda esa 69-o‘rinni (3,27 dollar) egallagan. Boshqacha aytganda, uch yil davomida mobil internet o‘rtacha 8,8 barobar arzonlashgan.

Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bo‘yicha eng arzon trafik endi Qirg‘iziston tomonidan taklif qilinmoqda — bir gigabayt uchun 0,17 dollar. Dunyoda u bir yilda to‘rt pog‘onaga tushib, 6-o‘rinni egallab turibdi.

Qozog‘iston (0,3726 dollar) bir oz farq bilan O‘zbekistondan so‘ng, 16-o‘rinda bormoqda. Ukraina o‘rtacha 0,43 dollar bilan 24-o‘rinni, Rossiya 30-o‘rinni (0,48 dollar) egalladi.

Mintaqada eng qimmat internet Turkmanistonda — 1 Gb uchun 14,27 dollar (227-o‘rin). Tojikiston ham yuqori tariflar bilan ajralib turadi va 131-o‘rinni egalladi (1,94 dollar).

Tashkilotchilarning fikricha, arzon mobil internet narxlari rivojlangan infratuzilma va yuqori talab bilan bog‘liq. O‘z navbatida, rivojlangan mamlakatlarda trafik narxi ko‘pincha qimmatroq turadi.

Isroil eng hamyonbop mobil internetga ega mamlakat sifatida tan olingan bo‘lib, uning o‘rtacha narxi bir gigabayt uchun 0,04 dollarni tashkil qiladi. Ikkinchi o‘rinda Italiya (0,12 dollar), uchinchi o‘rinda San-Marino (0,12 dollar). Shuningdek, kuchli beshlikdan Fiji (0,15 dollar) va Hindiston (0,17 dollar) joy oldi.

Autsayderlar ro‘yxatiga asosan orol hududlari kiradi — Britaniyaga qarashli Sent-Yelena orollari (41,06 dollar) va Folklend orollari (38,45 dollar), shuningdek, San-Tome va Prinsipi Respublikasi (29,49 dollar).

Avvalroq, Samarqandda 5G internet tarmog‘i sinovdan o‘tkazilgani xabar qilingandi.