24 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar rahbarlaridan tabriklar kelib tushdi, deb xabar qildi uning matbuot xizmati.

U Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.

«Xorijiy hamkorlar davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, Prezidentimizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat hamda aholi turmush darajasini tubdan oshirish, demokratik jamiyat institutlarini mustahkamlash, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va xalqaro mavqeini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar strategiyasini amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi», — deb yozdi matbuot xizmati.

«O‘zbekiston yetakchisining qisqa muddatda yurtimizning jahon mamlakatlari va ko‘p tomonlama tuzilmalari bilan sheriklik darajasini sezilarli oshirish, uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgan pragmatik va faol tashqi siyosati alohida qayd etildi».

Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov Shavkat Mirziyoyev tavalludining 65 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston prezidentiga ikkita ot sovg‘a qildi. U «Instagram»da tabrik videosini ham baham ko‘rdi.

«Men otlarni juda yaxshi ko‘raman va siz ham yaxshi ko‘rasiz. Shuning uchun butun xalq nomidan va shaxsan o‘z nomimdan sizlarga otlar berishga qaror qildim. Sizga chin qalbimdan mustahkam sog‘lik, uzoq umr, shuningdek, qardosh O‘zbekistonga tinchlik, barqarorlik va ravnaq tilayman!» — dedi Ramzan Qodirov.

Checheniston rahbari O‘zbekiston prezidentini «kamtar va mehmondo‘st inson, shu bilan birga dono va uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi» deb ta’rifladi.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni «Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari» Rossiyaning Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.