2021 yilning oktabr oyidan hozirgacha «Istiqlol Avlodi» nodavlat notijorat tashkiloti va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ko‘magida 35 nafar odam savdosi qurboni O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Odam savdosidan jabrlanganlarning barchasiga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatildi. O‘zbekiston fuqarolari majburiy mehnat va jinsiy ekspluatatsiya qilish uchun xorijiy davlatlarga, jumladan, Rossiya va Qozog‘istonga olib ketilgan.

«Odam savdosi — bu global miqyosda sodir etilgan odam savdosi va foyda olish maqsadida ularni ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turidir. Dunyoning barcha mintaqalarida uchraydigan ushbu jinoyatning qurbonlari jinsi, yoshi va kelib chiqishidan qat’iy nazar har kim bo‘lishi mumkin. Dunyo bo‘ylab odam savdosiga qarshi kurashish USAID va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. AQSh 2005 yildan beri USAID orqali O‘zbekistonga odam savdosidan ogohlantirish va qurbonlarga ularga yordam berish uchun 9,6 mln dollardan ortiq sarmoya kiritdi», — dedi USAID`ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori vazifasini bajaruvchi Luann Gronxovd.

O‘zbekistonda ham, xorijda ham odam savdosi qurbonlarini aniqlash uchun USAID Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha Milliy komissiya va mahalliy hamkorlar, jumladan, komissiya a’zosi bo‘lgan «Istiqlol Avlodi» NNT bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Yaqinda USAID ko‘magida Jizzax shahrida odam savdosi qurbonlarini aniqlashga ko‘maklashish maqsadida Migrantlar uchun axborot resurs markazi ochildi. Markaz mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolariga maslahat va kerakli ma’lumotlar beradi.

Odam savdosi qurbonlari aniqlangach, ularning ortiga xavfsiz qaytishi va jamiyatga qayta integratsiyalashuvini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Qaytgan migrantlarga, shu jumladan, odam savdosi qurbonlariga psixologik, huquqiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xizmatlari ko‘rsatiladi, kasb-hunarga o‘rgatiladi. Reabilitatsiya xizmatlaridan tashqari odam savdosi qurbonlari xavfi ostida bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatiladi.

«USAID`ning „Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya“ loyihasi doirasida biz mehnat muhojirlari va xavf ostida bo‘lgan shaxslarning qonuniy ishga joylashish yo‘llari, shuningdek, chet davlatlardagi migrantlarning huquq va majburiyatlari haqida xabardorligini oshirish ustida ishlayapmiz», — dedi «Istiqlol Avlodi» rahbari Nazifa Kamolova.