Odamlar turli baxtsiz hodisalar natijasida jarohat olib, qon yo‘qotishi va qon quyishga muhtoj bo‘lishi mumkin. Shuningdek, gematologik, onkologik kasalliklar bilan kurashadigan insonlar uchun ham qon, uning tarkibiy qismlari, undan tayyorlanadigan doriyu, preparatlar o‘ta muhim.

Qon quyishga muhtoj bo‘lib qolgan har bir odamning alohida qon guruhi va rezus faktori borligini inobatga olganda, unga faqatgina shu guruh va faktordagi qon quyilishi mumkin. Xo‘sh, shu qon qayerdan olinadi? Biz ular haqida ko‘p eshitamiz, o‘qiymiz, hatto o‘zimiz ham ular orasida bo‘lishimiz mumkin. Bular — donorlar. Lotin tilidan olingan bu so‘zning ma’nosi ham “hadya qilish” degani.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, aholini qon komponentlari bilan ta’minlash uchun qon topshirishlar soni aholi soniga nisbatan har 1000 kishiga kamida o‘ntani yoki aholi soniga nisbatan 1% ni tashkil etishi kerak. Respublika qon quyish markazining “Gazeta.uz” ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2021-yilda har ming aholiga 6,8 nafar yoki 0,68 foizni tashkil etgan. Ko‘rinib turibdiki, mamlakatdagi donorlik darajasi me’yorida emas.

Qanday qilib qon topshirish mumkin? Xohishi bor hamma ham qon topshira oladimi? Qon topshirishning donorga qanday foydasi bor? Nega O‘zbekistonda donorlik darajasi past? “Gazeta.uz” shu va boshqa savollarga javob izladi.

Maqolada quyidagi savollarga javob topasiz:

Donor bo‘lish uchun qanday talablarga javob berish kerak?

Donorlik bo‘yicha cheklovlar nimalarga asoslangan?

Donordan qon olish jarayoni qanday kechadi?

Qondan olinadigan tarkiblar

Donorlikdan oldin va keyin nimalar qilish mumkin (emas)?

Qon topshirayotganda xushdan ketish xavotirlimi?

Qaysi qon guruhlariga talab ko‘proq yoki kamroq?

Qonni import qilish mumkinmi?

Donorning huquqlari va imkoniyatlari

O‘zbekistonda donorlik sustligining sabablari

Ko‘ngilli donorlar ko‘payishi kerakligi

Donor bo‘lish uchun qanday talablarga javob berish kerak?

Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda donorlikka tanlab olish, nomzodni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, qon va donatsiya uchun talablar, donorlikka qarshi ko‘rsatmalar keltirib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan tana vazni 50 kilogrammdan yuqori o‘zini sog‘lom deb bilgan O‘zbekiston fuqarolari donor sifatida qon topshirishi mumkin.

Respublika qon quyish markazi “Donorlarni jamlash” bo‘limi boshlig‘i Mukarram Po‘latova “Gazeta.uz” muxbiriga bergan intervyusida donorning sog‘lomlik darajasi qanday bo‘lishi kerakligini tushuntirib o‘tdi.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Mukarram Po‘latova.

Uning aytishicha, donorlik uchun nisbiy va mutlaq qarshi ko‘rsatmalar bor. Nisbiylar ma’lum vaqt o‘tgachgina qon topshira olsalar, mutlaq qarshi ko‘rsatmadagilarga hayoti davomida donor bo‘lish umuman mumkin emas.

Nisbiy qarshi ko‘rsatmalar

  • Igna sanchish, quloq teshtirish (pirsing), tatuirovka, tish ekstraksiyasi, abortlar, ambulator jarrohlikdan keyin olti oydan so‘ng;
  • Angina, gripp, O‘RVI kabi tumovli holatlardan tuzalgan paytdan boshlab bir oy o‘tgach;
  • Hayz ko‘rish davri tugagandan keyin 5 kun o‘tib;
  • Antibiotiklar qabul qilish to‘xtatilganidan keyin ikki hafta o‘tib;
  • Tug‘ruqdan keyin bir yil va bolani emizish to‘xtatilganidan so‘ng uch oydan so‘ng;
  • Alkogol qabul qilgach 48 soat o‘tgach;
  • OIV kasalligini yuqtirgan shaxs bilan oxirgi aloqada bo‘lgan kundan keyin 12 oy o‘tib;
  • Kovidga qarshi vaksina dozalarini to‘liq olib bo‘lgandan so‘ng bir oy o‘tgach;
  • Kovid bilan og‘rigan bemorlarda kasallik davri yengil o‘tgan bo‘lsa, to‘la tuzalganidan so‘ng kamida bir oy, agar og‘ir, turli pnevmatik holatlar bilan o‘tgan bo‘lsa, kamida uch oy;
  • Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgach, tibbiy ko‘rik hamda qonni gematransmissiv infeksiyalar bo‘yicha dastlabki tekshirishdan o‘tkazilgandan keyingina donor sifatida qon topshirish mumkin.
  • To‘liq ro‘yhat.

Mutlaq qarshi ko‘rsatmalar

Onkologik, yurak-qon tomir, nafas olish, ovqat hazm qilish organlari, jigar va o‘t yo‘llari, ko‘rish organlari kasalliklari, B va C virusli gepatitlari, OIV infeksiyasi, OITS, moxov, brutsellyoz, sil (hamma shakllari), tulyaremiya, zaxm hamda boshqa yuqumli kasalliklar, shuningdek, tana a’zolari transplantatsiyasi, ruhiy kasalliklar bo‘lganda donor sifatida qon topshirish mutlaqo mumkin emas (To‘liq ro‘yhat).

Donorlik bo‘yicha cheklovlar nimalarga asoslangan?

Tatuirovka, pirsing yoki tish davolashda bir marta ishlatiladigan asbob-uskunalardan foydalanilishi yoki sterillanishidan qat’i nazar ushbu amaliyotlarni o‘tkazgan insonlar ma’lum vaqt o‘tgachgina qon topshirishlari mumkin. Mutaxassisning ta’kidlashicha, bu ayrim kasalliklarning dastlabki bosqichi yashirin holatda bo‘lishi bilan bog‘liq.

“To‘g‘ri, avval qon ancha tekshiruvlardan o‘tadi. Tarkibida biror virus yoki yuqumli kasallik yo‘qligi aniqlangachgina boshqa organizmga quyishga ruxsat beriladi. Ammo shunday kasalliklar borki, organizmda yashab, ma’lum muddat o‘tgach asoratini ko‘rsatadi”, — deydi Qon quyish markazi bo‘lim boshlig‘i Mukarram Po‘latova.

Kasalliklarni yashirin davrida tibbiyotdagi eng ilg‘or texnikalar bilan ham aniqlash imkonsiz. Ko‘p hollarda tatuirovka, quloq teshish va boshqa amaliyotlar davrida mutaxassislar kerakli qoidalarga amal qiladi. “Lekin o‘zimiz guvoh bo‘lmagan amaliyot uchun qon quyiladigan insonning — bir bemorning hayotini tahlikaga qo‘yishga haqqimiz yo‘q”, — deya ta’kidlaydi Mukarram Po‘latova.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Shuning uchun ham tanadagi amaliyotlar va yashash tarzidan kelib chiqib qon topshirishda bir necha kunlik, oylik yoki yillik cheklovlar belgilab qo‘yilgan. Kasalliklar yoki biror asoratlar bu davr mobaynida yashirinlik bosqichidan o‘tadi va aniqlashning imkoni bo‘ladi. Agar hammasi ijobiy bo‘lsa, qon topshirish xohishidagi insonlar bemalol donorlik qilishlari mumkin.

Yurak, o‘pka, buyrak, oshqozon-ichak, gematologik, onkologik kasalligi mavjud odamlar, hatto tuzalib ketgan bo‘lsalarda, ma’lum a’zolarida yetishmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Ulardan qon olinganda gemoglobin miqdori tushib ketib, nimjon a’zodagi kasallik qayta qo‘zishi, kuchayishi va bemorning hayotiga jiddiy xavf solishi mumkin.

Qolaversa, ular juda ko‘p dori-darmon iste’mol qilgan bo‘ladi. “Shuning uchun bunday kasalliklar bilan og‘rigan insonlarga hayoti davomida qon topshirish mumkin emas”, — deydi suhbatdosh.

Donordan qon olish jarayoni

Donorning sog‘lomlik darajasini aniqlash nomzodning ko‘rsatmalari, biror ma’lumotni yashirmaslik yoki noto‘g‘ri ma’lumot bermaslik sharti bilan to‘ldiradigan tibbiy savolnoma, shifokor bilan suhbati, gemoglobin, qon guruhi va rezus faktorni aniqlash uchun barmoqda olinadigan qon, ikki bosqichli, ikki kun davom etadigan umumiy donorlik qoni tahlili jarayonlarini o‘z ichiga oladi.

1. Ro‘yxatdan o‘tish

Qon quyish markaziga O‘zbekiston fuqarolari — pasport, harbiy xizmatchilar — harbiy hisobga olish hujjatlari (harbiy guvohnoma yoki ofitserning shaxsiy guvohnomasi), chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar — O‘zbekistonda doimiy yashashga ruxsatnoma bilan qabul qilinadi.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Hozirda yangi nusxadagi haydovchilik guvohnomasi orqali ham ro‘yxatdan o‘tish amalga oshirilmoqda. Donorlik qilmoqchi bo‘lganlar yuqoridagi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlaridan biri bilan istalgan qon quyish markaziga borib qon topshirishi mumkin.

O‘zbekistonda qon topshirish mumkin bo‘lgan manzillar ro‘yxati.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Mutaxassisning aytishicha, mamlakatdagi barcha Qon quyish markazlari uchun umumiy bo‘lgan Yagona donorlik markazining axborot bazasi mavjud. Unda donorlikdan chetlashtirilgan hamda sog‘lom donorlar ro‘yxati turadi. Donorlik istagini bildirib markazga kelgan insonlar avval qon topshirgan yoki topshirmagani, natijalari, donorlikdan chetlatilgan bo‘lsa, qay sabab bilan bunday bo‘lgani haqida shu bazadan bilib olishadi.

Agar shaxs birinchi marta qon topshirayotgan bo‘lsa va tibbiy tekshiruv natijalari ham ijobiy chiqsa, yangi donor sifatida bazaga kiritib qo‘yiladi.

donorlik, зиyoда рамазоноva

“Ilgari hammasi qog‘ozda qayd etilgan bo‘lib, bunday elektron ish tizimidan 2010-yildan beri foydalanib kelmoqdamiz. Bazadagi layoqatli donorlar soni 150 mingga yaqinlashib qolgan”, — deya qo‘shimcha qiladi Po‘latova.

2. Tibbiy savolnomani to‘ldirish

Yuqorida ta’kidlanganidek, donorlikka nomzodlar tibbiy savolnoma to‘ldiradi. U insonning shu vaqtga qadar boshidan o‘tkazgan kasalliklari va hayot tarzi to‘g‘risidagi savollardan iborat. Nomzodning ayni damda o‘zini qanday his qilayotganidan yaqin kunlarda qanday dori-darmonlar qabul qilganigacha so‘raladi. (Savolnoma).

donorlik, зиyoда рамазоноva

Barcha savollarga to‘liq javob olinadi. Agar donor qaysidir savolni tushunmasa, shifokorlar izoh beradi va unga yordamlashadi. Ammo biror savolga javob berishdan bosh tortsa, undan qon olinmaydi.

Albatta, savolnomada hamda shifokor bilan suhbat davomida salomatligiga oid ma’lumotlarni noto‘g‘ri aytadiganlar uchramasligi kafolatlanmagan. Xo‘sh, shifokorlar faqat nomzodlarning ko‘rsatmasi bilangina kifoyalanadimi? Bu qon qabul qilayotgan bemorning hayoti uchun xavfli emasmi?

“Biz odamlarning hayot tarzi qanday kechganini bilmaymiz. Shuning uchun ham o‘zlarining bu boradagi javoblari ahamiyatli. Birovlarga yomonlik tilamagan inson savollarga to‘g‘ri javob beradi. Aldash holatlarining oldini olish uchun savolnoma orqasida hech narsani yashirmayotgani, agarda noto‘g‘ri ko‘rsatma bergan bo‘lsa, javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ma’lumotga ega ekani haqidagi tilxatga imzo chekadi”, — deb tushuntiradi mutaxassis.

“Bir qon quyish markazida donorlikka nomzod shaxs oxirgi olti oyda OITSga chalingan inson bilan aloqada bo‘ldingizmi degan savolga yo‘q deb javob bergan. Lekin tahlil uchun olingan qon tarkibidan OITS aniqlangan. Ayoli shu infeksiya bilan kasallangan donor buni yashirgan ekan. Unga tegishlicha choralar ko‘rilgan”, — deydi u.

3. Shifokor tekshiruvi

Savolnoma natijalari qoniqarli bo‘lgan nomzod shifokor tekshiruviga o‘tkaziladi. Shifokor uning qon bosimini o‘lchaydi, terisini tekshiradi va qon topshirishga aloqador boshqa savollarni berib u bilan suhbatlashadi.

donorlik, зиyoда рамазоноva

4. Laborator tahlillar

Xulosalar ijobiy bo‘lsa, nomzod gemoglobin miqdori, qon guruhi, rezus faktorini aniqlashga yuboriladi. Gemoglobin miqdori ayollarda 120 g/l, erkaklarda 128 g/l dan yuqori bo‘lishi kerak. Ushbu talablar ham bajarilganda donor qon topshirishi mumkin.

donorlik, зиyoда рамазоноva

donorlik, зиyoда рамазоноva

5. Qon topshirish

Qon olish miqdori ham har bir insonning holatidan kelib chiqib belgilanadi. Kamida 350, ko‘pida esa 450 millilitr olinadi. Nizomga ko‘ra, 500 millilitrgacha olish mumkin.

“Bu yerda asosiy me’zon — og‘irlik hamda jins. Vazni 70 kilogrammdan yengil erkaklar, ayollar (80 kilogrammdan yuqori bo‘lsa ham), birinchi marta qon topshirayotgan va bundan biroz hadiksirayotgan odamlardan ko‘pincha 350 millilitr olamiz. 75 kilogrammli erkaklardan esa 450 millilitr olish boshlanadi”, — deya aniqlik kiritadi Mukarram Po‘latova.

donorlik, зиyoда рамазоноva

donorlik, зиyoда рамазоноva

Qon venadan maxsus qon yig‘ish xaltachasiga olinadi.

Qon qopchasiga donorning ism-familiyasi, qon guruhi, rezus faktori hamda qon qaysi kun topshirilgani yozib qo‘yiladi. Agar donor kim uchun qon topshirishga kelganini aytsa, bu ham xaltachaga yozib qo‘yiladi. Shu orqali manziliga yetkaziladi. Qolaversa, bu ma’lumotlardan bemorlar o‘ziga kimning qoni quyilayotganini ham bilib olishlari mumkin.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Qon topshirish intervali erkaklar uchun har ikki oyni, ayollarda esa uch oyni tashkil etadi. Shunday qilib, erkaklar bir yilda besh marotaba, ayollar bo‘lsa to‘rt marotaba qon topshirishi mumkin.

6. Olingan qonning IFA va PZR metodli tekshiruvdan o‘tishi

Donordan olingan qonning barcha tekshiruvlardan o‘tishi ikki kunni oladi. Jigar ko‘rsatkichi, qon guruhi, rezus faktori, brutsellyoz natijalari test topshirilgan kunning o‘zida chiqadi. Gepatit B, C, OITS, sifilisga tekshiruv natijalari chiqishi esa ko‘proq vaqt talab etadi. Shuning uchun qon ikki bosqichli tekshiruvdan o‘tadi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ishlaydigan bu tizimdan Respublika qon quyish markazida foydalanilayotganiga ko‘p bo‘lmagan — oxirgi olti oylikda yo‘lga qo‘yilgan. Ayrim viloyatlarda biroz oldinroq boshlangan.

“Birinchi bosqich — IFA (immunoferment tahlil — tahr.) metodi. Agar shu tahlilning o‘zida biror kasallik aniqlansa, bu qon yo‘q qilinadi. Toza chiqqan qon esa PZR (polimeraz zanjiri reaksiyalari — tahr.) metodida tekshiriladi. Ushbu molekulyar darajadagi tahlildan ham ijobiy natijada o‘tgan qonni quyishga ruxsat beriladi va Qon quyish markazining tayyor mahsulotlari saqlanadigan bo‘limga o‘tkaziladi. U yerdan esa davolash profilaktika muassasalariga berib yuboriladi”, — deb tushuntiradi Respublika qon quyish markazi bo‘lim boshlig‘i.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Hamma davolash profilaktika muassasalarining qon bilan shug‘ullanadigan ekspeditori bo‘ladi. Ekspeditor o‘zining maxsus sumkalari bilan qon markaziga keladi. Talabnoma asosida qon va uning mahsulotlari berib yuboriladi.

Qondan ikki xil tarkib olinadi: ertirotsitar massa va plazma

Farqlari

Donorlardan ikki xil qon mahsulotini olish mumkin. Biri — eritrotsitar massa, boshqasi — plazma. Ularning olinishi, saqlanish va ishlatilishi ham bir-biridan farq qiladi.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Eritrotsitar massadan avariyalar, tug‘ruq jarayoni, biror tana a’zosi sinishi, yorilishi natijasida bo‘ladigan qon yo‘qotishlarda, plazmadan esa qon ketishlarda gematologik kasalliklar, dori-darmonlar tayyorlashda foydalaniladi.

Plazma uchun vazni belgilangan me’yordan (60 kilogramm) og‘ir, immuniteti kuchli donorlar tanlab olinadi.

Olinishi

Donor qon quyish markaziga kelib, eritrotsitar massani topshirib ketgunicha bo‘lgan jarayonlarning bari 30 daqiqani olsa, plazma topshirish bir soatga cho‘ziladi. Birinchisida donor qonni topshirib bo‘lgach amaliyot tugaydi. Ikkinchisida bo‘lsa, qondan plazma ajratib olinib, eritrotsitar massa organizmga qayta quyiladi.

Plazma uchun olingan qon o‘sha zahoti sentrifugalanadi (birikmalarni markazdan qochma kuch ta’sirida tarkibiy qismlarga ajratuvchi apparat — tahr.). Bunda qon plazma va eritrotsitar massaga ajraladi. Plazma steril biriktirilgan qopchalarga ajratiladi.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Umuman olganda, plazma olish jarayoni insonning bevosita aralashuvisiz amalga oshadi. Maxsus apparatning o‘zi qonni oladi, plazmani ajratadi va eritrotsitar massani qaytib quyadi.

Saqlanishi

Eritrotsitar massani 2−8 gradusli sovutgichda 35 kungacha saqlash mumkin. U muzlashi ham, yuqori haroratda turib qolishi ham mumkin emas. Aks holda, qon yaroqsiz holatga keladi.

Plazma esa muzlatilgan holda har xil sovutgich, muzlatgichlarda uch oydan ikki yilgacha saqlanishi mumkin. Bu harorat bilan bog‘liq jarayon. Odatiy sovutgichlarda minus o‘n sakkiz (-18) gradusda uch oy, minus yigirma beshda (-25) bir yil, minus qirqda (-40) ikki yilgacha saqlash imkoniyati mavjud.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Respublika qon quyish markazi mutaxassisining aniqlik kiritishicha, yaroqsizlangan yoki biror kasallik sabab quyishga ruxsat berilmagan qon gipoxloritda zararsizlantirib, so‘ng kanalizatsiyaga tashlanadi.

Donorlikdan oldin va keyin. Nimalar qilish mumkin (emas)?

Mutaxassis ko‘rsatmasiga ko‘ra, qon topshirishni rejalashtirgan inson ertalab yengil nonushta qilib olishi, ko‘proq suyuqliklar ichishi kerak. Shunda ham achchiq, sho‘r, yog‘li, sutli narsalar yeyish mumkin emas. Sababi ular qonga so‘rilib, qonning sifati buzilishiga olib kelishi mumkin. Qon topshirishdan bir kun oldin ham yuqoridagi mahsulotlarni iste’mol qilmaslik, ikki kun oldin spirtli ichimliklar ichmaslik tavsiya etiladi.

Qolaversa, bir kun oldin tiniqib uxlash kerak. Tungi navbatchiliklar, uxlamasdan kino ko‘rish, o‘yin o‘ynash va boshqa mashg‘ulotlar bilan organizm dam olmaydi va toliqadi. Bunday paytda qon olish donorning xushdan ketishi, qattiq holsizlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yozning issiq kunlarida Respublika Qon quyish markazida qabul ertalabki 8:00 dan tushdan keyingi 14:00—15:00 largacha davom etadi. Negaki, kunning qizigan paytida donorlar ter bilan organizmidagi suvni ko‘p chiqarishadi. Qo‘shimchasiga ulardan 350 yoki 450 millilitrli qon olinsa, qiynalib qolishlari mumkin. Shuning uchun harorat yuqori bo‘lgan kunlarda qancha erta kelishsa, shuncha yaxshi. Me’yorlashgan paytlarda esa 17:00 gacha davom ettirishadi.

Qon topshirgandan keyin donorlarga besh daqiqacha o‘rinlaridan turmay yotishlari tavsiya etiladi. Qachonki, o‘zlarini yaxshi his eta boshlashsa, turib ketishlari mumkin.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Ovqatlanish uchun alohida qandaydir retseptlar tavsiya etilmaydi, odatdagidek davom etish mumkin. Faqat ko‘proq suyuqlik ichish, og‘ir jismoniy mehnatlar qilmaslik kerak. Lekin suyak ko‘migida ishlab chiqariladigan qon hujayralari — gemoglobinning to‘liq tiklanishiga 60 kun vaqt ketadi. Ayollarda har oyda fiziologik jarayonlar bo‘lganligi sababli gemoglobin tiklanishi uzoqroq kechadi. Donorlikdagi interval shuning uchun ham erkaklarda ikki, ayollarda uch oy etib belgilangan.

Qon topshirgandan keyin organizm yo‘qotgan suyuqligining miqdorini 36 soat ichida tiklab oladi. Bu uning o‘zini o‘zi tiklash mexanizmiga ko‘ra — nimani yo‘qotsa, o‘shaning o‘rni qoplanishi bilan amalga oshadi. Qon topshirganda organizm yosharishi haqidagi fakt ana shu yerdan kelib chiqqin. Donor eski hujayrasini beradi, bunga mutanosib holatda organizm yangisini ishlab chiqaradi.

Ba’zan qon topshirgandan 36 soat ichida ayrim donorlar behol bo‘lib, qon topshirganim uchun gemoglobinim tushib ketibdi deb o‘ylab qolishadi. Po‘latovaning ta’kidlashicha, bu gemoglobin bilan emas, organizmdan yo‘qotilgan suyuqlik bilan bog‘liq jarayon. Yo‘qotilgan suyuqlik miqdori qoplangach hammasi iziga tushib ketadi.

Qon topshirayotib, xushdan ketish xavotirlimi?

Mukarram Po‘latovaning ta’kidlashicha, qon topshirish jarayonida donorlar xushidan ketib qolishi ham mumkin. Amaliyot davomida imkon qadar donor to‘la xushsizlanib qolgunigacha olib bormaslikka harakat qilinadi. Shifokorlar qon olish jarayonining boshidan oxirigacha donordan o‘zini qanday his etayotganini so‘rab turadi.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Agar u holsizlanayotgani, o‘zini yaxshi his qilmayotganini aytsa, jarayon to‘xtatilib, organizm tiklanishi uchun suyuqlik quyiladi. Mabodo donorlar qon topshira turib o‘zlarini yomon his etishsayu, buni aytishmasa, xushlaridan ketib qolishlari mumkin.

Ammo bu xavotirli emas. Tezda bunga choralar ko‘riladi. Nashatir spirti hidlatilib, o‘ziga kelishi uchun suv sepiladi. Qolaversa, xushdan ketish qaysidir bir daqiqalardangina iborat bo‘ladi. Donor o‘ziga kelganda shifokorlar muolaja o‘tkazadi. Organizmiga suyuqlik quyib, qon bosimi tushib ketgan bo‘lsa, unga qarshi dorilar berishadi.

Ma’lum qon guruhiga talabning ko‘p yo kam bo‘lishi haqida

Po‘latovaga ko‘ra, manfiy qon guruhidagi insonlarning qon ehtiyojini qondirish har doim qiyin bo‘ladi. Butun dunyo, jumladan, O‘zbekiston aholisining orasida 2-guruh musbat (+2) qon guruhidagi insonlar ko‘p uchraydi.

Qaysidir qon guruhiga talabning yuqori bo‘lishi, qaysidir birining tez topilmasligi kabi holatlar ham nisbiy bo‘lib, hammasiga sharoit yoki vaqtga bog‘liq bo‘ladi.

“Ba’zan o‘zimiz ham hayron qolamiz. Ma’lum qon guruhidagi bemorlar birdaniga yotib qoladi. O‘tgan o‘n kunlik davomida birinchi guruh musbat (+1) qonga talab juda oshib ketdi. Bir nechta kasalxona aynan shu qon guruhini so‘radi. Shunaqa vaqtlarda qon topib berish ham qiyinroq bo‘ladi”, — deya fikriga qo‘shimcha qiladi Po‘latova.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Ba’zan turli kasalxonalar orqali so‘raladigan qon Qon quyish markazining o‘zidan topilmasligi ham mumkin. Shunday paytda bazadagi donorlarga qo‘ng‘iroq qilib, ulardan yordam so‘raladi. Unda ham topilmasa, ijtimoiy tarmoqlarda e’lonlar beriladi.

“Pandemiyada juda qiyin vaziyatni boshimizdan o‘tkazdik. Yo‘llar yopilgan, mashinalar yurmaydi. Donorlar yo‘q, ammo kasallar bor. Ularga qon kerak. Oxiri ilojsizlikdan ijtimoiy tarmoqlarga e’lon berdik. Odamlar qon topshirish uchun boshqa tumanlardan yayov keldi”, — deydi mutaxassis.

Bir hududda qon topilmasa, boshqa viloyatlar yoki davlatlardan qon olib kelish mumkinmi?

“Respublika qon quyish markaziga boshqa viloyatdan qon olib kelinganini eslolmayman. Chunki qonning belgilangan saqlanish harorati bor — 2−8 gradus. Buning uchun maxsus texnikalar, sovutgichlar kerak bo‘ladi. Qon mahsulotini chet elga chiqarish va olib kirish esa qonunan taqiqlangan”, — deya javob berdi Po‘latova.

Donorning huquq va imkoniyatlari: ikki kunlik dam olishdan faxriy donorlikkacha

Qon topshirishning donorga ham talaygina foydalari bor. Ularning qoni doim yangilanib turishi hisobiga infarkt, insult va boshqa yurak kasalliklariga chalinish xavfi kamayadi. Qolaversa, donorlar qon topshirishdan oldin vrach qabulida bo‘ladi. Bu doimiy ravishda salomatliklari haqida bepul ma’lumotga ega bo‘lish imkonini beradi.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Tegishli nizomda belgilanishicha, donatsiyadan oldin donorga chanqovbosdi (yaxna) ichimlik yoki shirin choy, donatsiyadan keyin ovqat berilishi yoki ovqat uchun pullik kompensatsiya to‘lanishi kerak. Respublika qon quyish markazida oldin shirin choy berilib, keyin ovqat beriladi. Shuningdek, markazning sayyor guruhi turli aksiyalar davomida institut, zavod-fabrika, bank, harbiy xizmat joylariga chiqqanda donorlarga shirin choy, pechene va yana ikki kilogrammdan shakar berishadi.

Donorga o‘sha kuni hamda yana qo‘shimcha bir kun oylik maosh miqdori saqlab qolingan holda ishidan dam olishi mumkinligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi. Bu kunlar donorning ixtiyoriga qarab mehnat ta’tiliga ham qo‘shilishi mumkin.

donorlik, зиyoда рамазоноva

“Bu ko‘rsatma yoki tavsiyanoma emas, balki donorning qonunda belgilangan haq-huquqi. Uni buzishga esa hech kimning haqqi yo‘q”, — deya ayrim rahbarlarning xodimlarining dam olishiga ruxsat bermasligiga e’tiroz bildiradi mutaxassis.

“Qon va uning tarkibiy qismlaridan foydalanish to‘g‘risidagi” nizomda donorlar pulli va beg‘araz bo‘lishi aytilgan. Respublika qon quyish markazida pullik tizimdan asosan plazma donorlari uchun foydalaniladi. Sababi bunday donorlarni topish qiyin.

Po‘latovaning aniqlik kiritishicha, kamyob bo‘lgan rezus manfiy donorlar 600 millilitr plazma topshirsa, 330 ming so‘mga yaqin, immun donorlarning shuncha miqdordagi plazmasiga esa 240 ming so‘m beriladi.

2014-yildan buyon hayoti davomida to‘liq 40 marta qon yoki 60 marta qonning bir elementini topshirgan insonlarga “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan. Ularga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh barobari miqdorida (hozirda 4 mln 600 ming so‘mga teng — tahr.) bir martalik pul mukofoti hamda keyinchalik biror kasalxonada davolanadigan bo‘lsa, ovqat puli to‘lamaslik imtiyozi beriladi.

Turg‘un bo‘lmagan donorlikka sabab: ko‘p tug‘ilish nisbati, bir kunlik targ‘ibot

Mukarram Po‘latovadan nega O‘zbekistonda donorlikning sust ekanini so‘raganimizda, u ikkita sababni alohida qayd etdi.

“Beg‘araz donorlar ko‘paygani, ko‘payayotgani hisobiga donorlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Shu bilan bir paytda O‘zbekiston aholisi ham o‘sib boryapti. Ammo JSST belgilab bergan bir foizli nisbatga haligacha yetolganimiz yo‘q. Bizda tug‘ilish ko‘p bo‘lgani hisobiga nisbat pastligicha qolmoqda. Ko‘pchilik xorij davlatlarida donorlik nisbati ikki, uch, to‘rt foizgacha miqdorni tashkil etadi. Bu natijaning ham bir uchi tug‘ilishning kamligiga borib taqaladi”, — deydi mutaxassis.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda donorlik turg‘un emasligi targ‘ibotga ham borib taqaladi.

“Masalan, OAV „Butunjahon donorlar kuni“ — 14-iyundan bir hafta oldin s’yomkalar, reportajlarga ko‘p kelishadi. O‘sha paytda odamlar ogoh bo‘lib, esiga tushadi va kelishi ko‘payadi. Lekin qon faqat iyun oyida emas, yil davomida kerak bo‘ladi. Shunga mutanosib holatda targ‘ibot ham yil bo‘yi davom etishi kerak”, — deya ta’kidlaydi Qon quyish markazi bo‘lim boshlig‘i.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Donorlik davomiy bo‘lishi uchun birinchi taassurot juda muhim

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ba’zan donor bo‘lish uchun yosh va vazn bo‘yicha talablarga javob bermaydiganlar ham qon topshirmoqchi bo‘ladi.

“Ozg‘in qizlarimiz mendan ham olib qoling deb iltimos qilishadi. Hatto bir yoki ikki kilogramm vazni yetmasa ham qon olmaymiz. Ularga biroz kattaroq bo‘lganlarida hali ko‘p marotaba qon topshirishlarini aytamiz. Chunki donorlikda birinchi taassurot hammasidan ham muhim”, — deydi Mukarram Po‘latova.

Uning ta’kidlashicha, birinchi taassurot yaxshi bo‘lsa, donor qayta qon topshirishga kelishi mumkin.

Aksiyalar yechimmi?

Mukarram Po‘latovaga ko‘ra, donorlik darajasi yilda bir necha bor bo‘ladigan aksiyalar bilan ko‘tarilmaydi yoki me’yorlashmaydi. Aksiyalar vaqtida qon birdan ko‘payib ketadi. Agar shunga yarasha talab bo‘lmasa, ishlatilmasligi ham mumkin. Belgilangan muddatda foydalanilmagan qon esa yaroqliligini yo‘qotadi.

“Respublika qon quyish markaziga biriktirilgan kasalxonalarda eritrotsitar massaga talab judayam katta. Plazmani ikki yilgacha saqlab qolish imkoniyatimiz bor, ammo eritrotsitar massani 35 kundan uzoq saqlay olmaymiz. Vaqtidan o‘tsa, tashlashimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun aksiyalarni ham oylar nisbatiga me’yorlashtirish va donorlar soni uchun chegara qo‘yishga harakat qilamiz”, — deya fikrini izohlaydi u.

donorlik, зиyoда рамазоноva

O‘zbekistonda donorlar va qonga muhtoj insonlarni tez bog‘lash uchun yordam beruvchi “Donortop.uz” loyihasi asoschisi Ilhomjon Boltaboyevning aytishicha, donorlarning ko‘payishi uchun e’tibor, qo‘llab-quvvatlov ham muhim.

“Bir martalik aksiyalar puxta yechim emas. Aksiya orqali qon topshirgan inson ko‘p hollarda yana aksiya qilingandagina bu harakatini takrorlaydi. Agar aksiyalar davomiy donorlik qarorini berganda bugun O‘zbekistonda donorlik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lar edi”, — deydi u.

Ilhom Boltaboyevning fikricha, qo‘llab-quvvatlov pul ko‘rinishida bo‘lsa, donorlikka qiziqish kamroq bo‘ladi. Bu aynan qandaydir imtiyoz bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: kitoblar, o‘quv kurslari, jamoat transportlari, samolyotlar, poyezdlar, turli konsertlarga va boshqa xaridlar uchun qanchadir miqdordagi chegirmalar berilishi ham donorlikni targ‘ib qilishi mumkin.

Ko‘ngilli donorlar ko‘payishi kerak, toki bemorning qarindosh-urug‘iga qiyin bo‘lmasin

Odatda qon topshirish uchun ikki maqsadda kelishadi — qarindosh-urug‘i, tanishi uchun yoki ko‘ngilli ravishda. Respubika qon quyish markazi bo‘lim boshlig‘i Mukarram Po‘latovaning ta’kidlashicha, o‘n yil avval 15 foiz odamlar ko‘ngilli, 85 foizi esa qarindosh-urug‘i uchun topshirgan. Hozirda ko‘rsatkich tenglashgan — 50/50.

“Beg‘araz donorlar navbatsiz qabul qilinadi. Ularning qon topshirishga qayta kelish ehtimoli yuqori. Chunki ular qoni kimga quyilishini ham bilmay turib qon topshirishga keladi. Ularning saflari ko‘paysa, yaqinining boshiga dard tushgan qarindosh-urug‘larga yengillik bo‘ladi”, — deydi mutaxassis.

“Qon topshirish — qahramonlik. Tasavvur qilib ko‘ringa, bir tomchi qoningiz tufayli boshqa bir insonning yuragi urishda davom etmoqda. Odamlarning hayotini saqlab qolish hissi hamma narsadan ustun, nazarimda”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

donorlik, зиyoда рамазоноva

Mukarrama Po‘latova ko‘proq ko‘ngilli tarzda qon berishga intilish kerakligini, shunda bemorlarning qarindosh-urug‘iga qiyin bo‘lmasligini aytadi.

“Ular shundoq ham yaqinining boshiga kulfat tushganida siqilib, og‘ir ruhiy holatda turishadi. Bunday paytda o‘zini qo‘lga olishsinmi, dori-darmonga yugurishsinmi yo qon topshirishga? Bugun donor sifatida topshiradigan qonimiz, kelgusida o‘zimiz, yaqinlarimizga qaytadi. Chunki yaxshilik doim qaytgan. Ayni ko‘rinishda bo‘lmasada, boshqa turli holatlarda”, — deydi Respublika qon quyish markazi “Donorlarni jamlash” bo‘limi boshlig‘i.