Madaniy meros agentligi ayni vaqtda Surxondaryo viloyatidagi «Xo‘jayikon» tuz g‘ori madaniy meros obyektiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlanganini ma’lum qildi.

«Ushbu obyektdan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tarkibidagi Sherobod tumani tibbiyot birlashmasi xo‘jalik hisobidan tegishli asoslantiruvchi hujjatlarsiz foydalanib kelmoqda. Bu esa madaniy meros obyektining muhofazasini ta’minlashda bir qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda», — deyiladi xabarda.


«Xo‘jaykon» tuz g‘ori Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi [846-son] qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur qarordan tashqari, 2021 yil 3 martdagi 119-sonli qaror bilan obyekt «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan.

Qarorlar ortidan «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi «Xo‘jayikon» tuz g‘orining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, egalik huquqini olgan.

Qo‘riqxona tuz g‘oridan foydalanish hamda egalik huquqi asosida barcha tashrifchilar uchun ish faoliyatini tashkil etish maqsadida Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bir necha bor murojaat qilgan. Boshqarma masalani e’tiborsiz qoldirgani sababli, «Xo‘jayikon» tuz g‘ori madaniy meros obyektidan Sherobod tumani tibbiyot birlashmasining majburiy tartibda chiqarilishini so‘ragan. 18 aprelda «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi Termiz tumani tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasini kiritdi.

Qayd etilishicha, Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi yakuniy sud qarorini chiqarish uchun tuz g‘orining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi yuzasidan Termiz tumanlararo ma’muriy sudi qarorini kutmoqda.

Biroq, 15 iyun kuni Termiz tumanlararo ma’muriy sudi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida «Xo‘jayikon»ning «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, egalik huquqi berilganligi noqonuniy deb topdi.

Madaniy meros agentligi «Xo‘jayikon» tuz g‘orining davlat muxofazasida ishonchli saqlanishi uchun «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi balansida operativ boshqaruv huquqi asosida qoldirilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblamoqda.


«„Xo‘jayikon“ tuz g‘ori madaniy meros obyektidan tibbiyot davolash maqsadida ham foydalanilib, davlat va hususiy sanatoriyalar bilan keng hamkorlik olib borilishi, xalqaro miqiyosdagi diqqatga sazovor joylardan biriga aylantirilishi, mahalliy va xorijiy tashrifchilarning eko va tibbiyot turizmi doirasida keng jalb etilishi, mablag‘ tushumlarining tartibga solinishi va mazkur mablag‘lar budjet mablag‘lari sifatida yo‘naltirilishi hamda eng asosiysi — mazkur madaniy meros obyekti davlat muxofazasida ishonchli saqlanishi uchun „Termiz“ davlat muzey-qo‘riqxonasi balansida operativ boshqaruv huquqi asosida qoldirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Tuz g‘ori haqida

«Xo‘jayikon» tuz g‘ori 1989 yilda ochilgan. Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani Ko‘xitang tog‘ tizmasi etaklarining janubi-sharqiy yonbag‘rida, dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan. Tuz g‘orining ichki qismida san’at galereyalari tizimi bilan birgalikda bir-biridan harorat, namlik, bosim va mikroiqlim bo‘yicha farq qiluvchi beshta xona-kameralar mavjud.

G‘or devorlari o‘ziga xos tarzda 1−3 sm gacha tuz qatlami bilan qoplangan, o‘tish joyida tuz eritmali shifobaxsh buloq bor. Ushbu g‘or muhitida nafas yo‘llarining allergik kasalliklari, uzoq davom etadigan o‘tkir va surunkali bronxit, astma, pnevmoniya asoratlari, immuniteti pasaygan bemorlar va teri kasalliklarini davolashda foydali qo‘shimchalar mavjud.