19−22 iyul kunlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Missiya tashrifidan ko‘zlangan maqsad «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha bo‘lajak Respublika referendumi tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlarni tashkil etish bilan tanishish, shuningdek, referendum to‘g‘risidagi milliy qonunchilikning umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqligini tahlil qilishdan iborat.

«DIIHB Missiyasi xulosalari asosida YeXHT bo‘lajak respublika referendumini kuzatishning maqsadga muvofiqligi, uning formati, davomiyligi va kuzatuvchilar tarkibi to‘g‘risida qaror qabul qiladi», — deyiladi xabarda.

Tashrif davomida missiya mutaxassislari Markaziy saylov komissiyasi raisi, qator vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni Asosiy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar shakllantirish bo‘yicha konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ishtirokidagi yig‘ilishda referendum yo‘li bilan Konstitutsiyaga o‘zgartishlarni qabul qilishni taklif qilgan edi.

Qonunga ko‘ra, parlamentning o‘zi Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega. «Lekin konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iyun oyining oxirida MSK referendumga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qildi. Uning qachon bo‘lib o‘tishi hozircha noma’lum. Qonunchilikka ko‘ra, referendum o‘tkazish sanasini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin ovoz berish parlament palatalarining qarorlari e’lon qilingan kundan boshlab bir yarim oydan uch oygacha bo‘lgan muddatda istalgan kunga belgilanishi mumkin.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar loyihasi ayni paytda umumxalq muhokamasida. U 4 iyulda yakunlanishi kerak edi, biroq muhokama avvaliga 15 iyulga, keyin esa 1 avgustga uzaytirildi.