Toshkentda qalbaki 20 ming AQSh dollarlarini 8 ming dollar evaziga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

DXX va shahar IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.F. boshqa bir fuqaro A.ga qalbaki 20 ming dollarni sotishga kelishib, undan 8000 dollarni olib, qalbaki dollar hisobidan 100 dollarini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Namanganda Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan qalbaki 10,6 ming dollar muomalaga kiritilishining oldi olingani haqida yozgan edik.