Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshidagi voqealar va faktlarni mustaqil tekshirish bo‘yicha parlament komissiyasi a’zolari 16 iyul kuni respublikada ish boshlaydi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Komissiya bir kun avval Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining qo‘shma qarori bilan tuzilgandi. Unga ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qiladi. U bir kun parlament qo‘shma yig‘ilishida Qoraqalpog‘istonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi yuzasidan murojaat bilan chiqqandi.

Komissiya vazifalari — inson huquqlari, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini buzish bilan bog‘liq holatlar va hodisalarni chuqur o‘rganish, jarayonni audio, foto va video qayd etish vositalari yordamida qayd etish, o‘rganish natijalari bo‘yicha yakuniy axborot tayyorlab, Oliy Majlis palatalariga taqdim etishdan iborat.

Moliya vazirligiga komissiya faoliyatini amalga oshirish uchun barcha xarajatlarni davlat budjeti hisobidan qoplash vazifasi qo‘yildi.

Komissiya tarkibiga 14 kishi kiritildi. Ombudsman hamda komissiya kotibi Temurbek Hayitovdan tashqari, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi — Alisher Qodirov, «Yuksalish» UMH rahbari, deputat — Bobur Bekmurodov, «O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi» NNT raisi — Dilrabo Xalbayeva ham komissiya a’zolari hisoblanadi.

Tarkibda senatorlardan Anvar To‘ychiyev, Gavhar Durdiyeva, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisining o‘rinbosari Abatbay Daniyarov ham bor.

Komissiyaga Qoraqalpog‘iston vakillari ham kiritilgan: «Berdak» nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti yuridik fakulteti dekani — Yelizaveta Kutibayeva, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri — Kenes Karimov, ombudsmanning respublikadagi mintaqaviy vakili — Jenisbay Shlimbetov.

Bundan tashqari, komissiyaga bir qator NNT vakillari ham jalb qilindi: «Mintaqaviy muloqot» xalqaro NNT raisi — Behzod Sharipov, «Huquqiy tayanch» nodavlat huquq himoyasi tashkiloti rahbari A’zamjon Farmonov, Shvetsiyaning «Markaziy Osiyo assosiatsiyasi» NNT direktori Gulnoz Mamarasulova.

«Bugundan Nukusda ish boshlaymiz. Aslida nima bo‘ldi, qanday bo‘ldi va nima uchun bo‘ldi? Qonun ustuvorligini ta’minlash jarayonida inson huquqlari buzilmaganmi?Savollarga xolis va batafsil javoblar izlaymiz», — deb yozdi komissiya a’zosi Alisher Qodirov.

«O‘tkazilgan tekshiruv natijalari e’lon qilinadi va O‘zbekiston jamoatchiligi va jahon hamjamiyatiga yetkaziladi», — deyiladi ombudsman ofisi xabarida.

Qoraqalpog‘istondagi voqealar

1−2 iyul kunlari Nukusda ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu Konstitutsiyaning 70−75 moddalariga o‘zgartirish kiritishga qarshi chiqqan Qoraqalpog‘iston aholisining yakka va jamoaviy murojaatlari ortidan sodir bo‘ldi. Rasmiylar fuqarolarning chiqishlariga munosabat bildirmadi, biroq, respublikada internetga kirish cheklab qo‘yildi.

Namoyishlar tartibsizliklarga ulanib ketdi, buning oqibatida esa 18 kishi halok bo‘ldi, 243 kishi, shu jumladan, 38 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jarohatlandi. 4 iyul kuni shifoxonalarda 94 kishi davolanayotgani haqida ma’lum qilindi, ularning orasida og‘ir jarohat olganlar ham bor.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni Nukusga yetib bordi va Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalar o‘zgarishsiz qoldirilishini ma’lum qildi. U 6 iyul kuni esa namoyishlarda ishtirok etgan barcha tomonlar harakatiga adolatli baho berish kerakligini ta’kidladi. Kuch tuzilmalari tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik ta’minlanishi aytildi.

Namoyishlardan keyin «Gazeta.uz» Nukusdan tayyorlangan bir qancha reportajlarni suratlari bilan e’lon qildi. Ularga havola quyida keltirilgan.