O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining sobiq rahbarlari hujjatlarni qalbakilashtirish va ayniqsa katta hajmdagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, federatsiya prezidenti Nurxon Nafasovning tashkilot sobiq rahbarlari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yo‘llagan murojaati hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan federatsiya faoliyati bilan bog‘liq korrupsion holatlar agentlik tomonidan o‘rganib chiqilib, uning yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etilgan edi.

Ushbu hujjatlar asosida Bosh prokuraturaning boshqa mutasaddi idoralar bilan o‘tkazgan tekshiruvlari natijasida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi mansabdor shaxslari va boshqalar rasmiy hujjatlarga soxta yozuv kiritib, juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganligi ma’lum bo‘ldi.

Xususan, 2020−2021 yillarda o‘tkazilgan 10 ta o‘quv yig‘inlarida 49 nafar sportchi amalda qatnashmagan hamda mehmonxona xizmatidan foydalanmagan bo‘lsa-da, ishtirok etganligi haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, 403 mln so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgan.

Sportchilar tomonidan ishlatilmagan 64 turdagi 78,5 mln so‘mlik dori vositalari ham talon-toroj qilingan.

Shuningdek, sport zal ijaraga olinganligi to‘g‘risida hujjatlar rasmiylashtirilib, 128 mln so‘m mablag‘lar amalda sport zaliga ega bo‘lmagan mehmonxonaga o‘tkazilib, o‘zlashtirilgan.

Shu kabi 2021 yilda o‘tkazilgan 3 ta sport musobaqalari qatnashuvchilari tomonidan to‘langan 150 mln so‘m badal pullari kirim qilinmagan.

Bundan tashqari, me’yoriy hujjatlar talabalariga zid ravishda karate bo‘yicha jahon chempioni Doston Otabolayevga trenerlik qilmagan U. B.ga davlat budjetidan asossiz ravishda 6 ming AQSh dollari to‘lanishiga erishilib, budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan federatsiya mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddaning 2-qismi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2019 yilning yanvarida Milliy olimpiya qo‘mitasi Milliy karate federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasov to‘rtinchi bor jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar берgaнedi. Keyinroq Bosh prokuratura MOQning uni o‘zlashtirish va tovlamachilikda ayblanayotgani haqidagi bayonotini rad etdi. Nurxon Nafasov sud orqali MOQning uni ishdan bo‘shatish haqidagi qarori bekor qilinishiga erishdi va 2020-yil oktabr oyida federatsiya rahbari lavozimiga tiklandi.