Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan, o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslar va mahkumlarning qochish holatlarining oldini olish maqsadida elektron brasletdan foydalanish tizimi joriy etiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, konvoy ostidagi shaxslar qochishga uringanda (elektron brasletni yechish, shikast yetkazish, konvoychi xodimdan uzoqlashish va boshqa holatlarda) elektron braslet tovushli va vizual xabarni onlayn rejimida avtomatik tarzda biriktirilgan konvoychi xodimga va hududiy ichki ishlar organlari, Qorovul qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismlari, tergov hibsxonalari hamda jazoni ijro etish koloniyalarining navbatchilik qismlariga uzatadi.

Qochib ketishga uringan konvoy ostidagi shaxslarni ularga taqilgan elektron brasletlardan uzatilayotgan «GPS» signallariga muvofiq «issiq izi»dan ushlash choralari ko‘riladi.

2024 yil 1 dekabrga qadar Ichki ishlar organlari konvoy bo‘linmalari elektron brasletlar bilan to‘liq ta’minlanadi.