17−22 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi kuchayishi sababli harorat keskin ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet rahbari Sherzodxo‘ja Habibullaxo‘ja o‘zining Facebook`dagi sahifasida ma’lum qildi.

Yakshanba kunidan boshlab respublikada kunduz kunlari havo harorati hududlarda quyidagicha ko‘tariladi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida +44…+47 darajagacha;
  • Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida +42…+45 darajagacha;
  • Farg‘ona vodiysi viloyatlarida +41…+43 darajagacha.

Shuningdek, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang to‘zonlar bilan 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Ayrim joylarda shamol 22−25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Gidromet mutaxassisi Erkin Abdulahatov kunlarning keskin qizishini shimol Rossiyada kelgusi besh kunlik uchun bu issiq va past bosimli sohani mintaqadan «surib haydab yuboradigan» kuchga ega hech qanday sovuq antitsiklon oqimlari rivojlanishi uchun vaziyat mavjud emasligi bilan izohlagan.

«Bu mintaqamizdagi issiq havo to‘lqinini yanada kuchaytirib, termik depressiya jarayoniga aylanitirib yuborishini anglatadi», — deyiladi xabarda.