Prezident Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatning barqarorlashgani va hudud aholisining odatdagi hayot tartibiga qaytayotganini hisobga olib, favqulodda holat rejimini yumshatishga oid farmonni imzoladi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Unga ko‘ra, komendantlik soatining amal qilish vaqti «soat 21 dan soat 7 ga qadar» o‘rniga «soat 23 dan soat 5 ga qadar» etib belgilanmoqda.

Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi 2 iyuldagi prezident farmoniga tegishli o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi farmon davlat rahbari tomonidan imzolandi va Oliy Majlis palatalariga tasdiqlash uchun yo‘llandi.

Qoraqalpog‘iston aholisi xabar berishicha, chorshanba kuni kechki payt respublikada ro‘yxatdan o‘tgan mobil aloqa abonentlari komendantlik soati o‘zgarganligi haqida SMS xabarnoma olishgan. Eslatib o‘tamiz, hududda hanuz internetga kirish cheklangan.