O‘zbekistonning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi. Bu prezidentning 6 iyuldagi [PF-165-son] farmonida aks etgan.

Farmon «mamlakatda innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiyalar va texnologiyalarni keng tatbiq qilish, inson kapitalini, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish» maqsadida qabul qilingan.

2022−2026 yillarda O‘zbekiston innovatsion rivojlanish strategiyasining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • innovatsion infratuzilma subyektlari (innovatsion texnologik park, texnologiyalar transferi markazi, innovatsion klaster, venchur tashkiloti, innovatsiya markazi, startap akselerator, inkubator) tarmog‘ini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni (kapital yaratish) tashkil etish;
  • innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovatsion faol tashkilotlar ulushini oshirish;
  • kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal o‘sishini ta’minlash;
  • yangi turdagi mahsulotlar va innovatsion texnologiyalar yaratishning g‘oyadan yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan kompleks tizimini ta’minlash orqali innovatsiyalarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish;
  • yaratilgan kapitalni «tubdan yangilovchi» innovatsiyalarga qayta yo‘naltirish tizimini shakllantirish;
  • ta’limning barcha bosqichlarida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali innovatsion faoliyat boshqaruvida inson kapitalini yanada rivojlantirish.

Strategiya 2024 yildan boshlab alohida-alohida tasdiqlanadigan «Yo‘l xaritasi» asosida amalga oshiriladi. Bunda asosiy yo‘nalishlar erishilgan natijalar va maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha shakllantiriladi.

«Yo‘l xaritasi»da ko‘rsatiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar quyidagilarni nazarda tutadi:

  • innovatsion faoliyat subyektlari (sanoat ishlab chiqarish tashkilotlari) sonini 613 tadan 2250 tagacha yetkazish;
  • innovatsion infratuzilma subyektlari (texnoparklar, texnologiyalar transferi markazlari, innovatsion klasterlar, venchur tashkilotlar, innovatsiya markazlari, biznes-inkubatorlar va akseleratorlar) sonini 3 baravarga oshirish;
  • innovatsion tadbirkorlik natijasida yaratiladigan yangi ish o‘rinlari sonini 4 baravarga oshirish;
  • ichki va tashqi bozorlarda tijoratlashtirish natijasida yaratiladigan yangi innovatsion ishlanmalar sonini 2 baravarga oshirish.

Strategiyani hududlar kesimida amalga oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari quyidagilarni nazarda tutadi:

  • hududdagi innovatsion markazlar sonini 494 tagacha yetkazish;
  • texnologik innovatsiyalar bilan shug‘ullanuvchi mahalliy sanoat korxonalari sonini 600 tagacha yetkazish;
  • hududlarda yaratiladigan yangi texnologiyalar sonini 384 tagacha oshirish;
  • hududlarda yillik ro‘yxatga olingan patentlar sonini 184 tagacha yetkazish;
  • xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy, innovatsion va texnologik loyihalar sonini 183 tagacha oshirish;
  • innovatsion startaplar sonini 1 437 tagacha yetkazish.

Joriy yil 1 avgustdan boshlab innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishda «tarmoq-hudud-ilmiy/oliy ta’lim tashkilot» zanjirining quyidagilarga asoslangan yaxlit tizimi joriy etiladi:

  • hududiy tarmoq tashkilotlari innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyoj (lar) portfelini ishlab chiqib, Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalariga taqdim etadi;
  • Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalari tarmoq muammolarining ilmiy yechimini ta’minlash bo‘yicha ijrochi ilmiy/oliy ta’lim tashkilotini (innovatsion spin-off kompaniyasini) tanlov asosida aniqlaydi;
  • tanlov natijalariga ko‘ra ilmiy/oliy ta’lim tashkiloti (innovatsion spin-off kompaniya) «1+1» prinsipi asosida tarmoq tashkilotlari bilan birga ishlab chiqilgan loyihalarni moliyalashtiradi;
  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqarilishi bozorda muvaffaqiyatli o‘zlashtirilgan innovatsion mahsulotlarni kengaytirish va kelgusida seriyalab sanoatda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida investitsiya portfeli ishlab chiqiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan «tarmoq-hudud-ilmiy/oliy ta’lim tashkilot» zanjirini amaliyotga to‘liq va sifatli tatbiq qilish bo‘yicha tartibni ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 avgustdan «tubdan yangilovchi» innovatsiyalar yaratishni rag‘batlantirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:

  • mahalliy ilmiy tashkilotlar va korxonalarga innovatsion tovarlar va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat organlari va yirik davlat tashkilotlari bilan shartnomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolash huquqi berilib, savdo xaridlari Elektron kooperatsiya portali orqali amalga oshiriladi;
  • ustav fondida 50 va undan ortiq foiz davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida foyda solig‘ini to‘lagunga qadar foydaning 10 foizgacha miqdoridagi ajratmalari hisobidan korxonalarning alohida hisob raqamida shakllantiriladigan Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.

Mazkur jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari «tubdan yangilovchi» innovatsiyalarni yaratishga va joriy qilishga yo‘naltiriladi. Uning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar portfeli Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi.

Qolaversa, ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda ulushli moliyalashtirish mexanizmiga muvofiq yangi ishlanmalarni joriy etish asosida yaratilgan innovatsiyalarni — intellektual mulkni ishlanma egalari bilan birgalikda patentlash va tijoratlashtirishni tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yilga kelib O‘zbekiston Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 56 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishi bosh maqsad qilib qo‘yildi. Qayd etilishicha, 2021 yilda e’lon qilingan Global innovatsion indeks reytingida mamlakat 2020 yilga nisbatan 7 ta pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egallagan.

Hujjatda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi Innovatsion rivojlanish vazirligi, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda Global innovatsion indeks reytingida O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi ko‘zda tutilgan.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklari yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda «Innovatsion menejment», «Loyiha boshqaruvi», «Tijoratlashtirish», «Intellektual mulkni boshqarish» yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqib, tegishli OTMlarda joriy etadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda mehnat bozorida innovatsion rivojlanish yo‘nalishidagi kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojdan kelib chiqib tayyorlangan kadrlar taqsimotini va bandligini ta’minlash choralarini ko‘rishi belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining o‘z tuman (shahar)larining iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, quyidagi tuman (shahar)larni innovatsion hududga aylantiradi:

  • Chirchiq shahri, Mo‘ynoq, Nukus, Buloqboshi, Marhamat, G‘ijduvon, Romitan, Paxtakor, Do‘stlik, Qarshi, Nishon, Qiziltepa, Karmana, Davlatobod, Nurobod, Urgut, Boyovut, Sirdaryo, Termiz, Oltinsoy, Ohangaron, Buvayda, Oltiariq, Urganch, Gurlan, Mirzo Ulug‘bek va Olmazor tumanlari.

Mazkur hududlarda innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.

Avvalroq prezident farmoni bilan Namangan viloyati Chust tumani hokimining innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilgandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalari hamda tegishli tuman hokimlarining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentining [PF-6198-son] farmoni bilan innovatsiyalarni joriy etish vazifasi yuklatilgan rahbar o‘rinbosarlarining bazaviy lavozim maoshiga har oylik 30 foiz miqdoridagi ustamalar tegishli vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan (budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mavjud bo‘lmagan taqdirda Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida), xo‘jalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yirik tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligiga iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar, ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlarining innovatsion faoliyati natijalari yillik reytingini yuritish, ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlarining ilmiy faoliyati bo‘yicha baholash hamda yangi ilmiy ishlanma va texnologiyalar yaratish loyihalarini moliyalashtirishning yangi tizimlarini ishlab chiqish vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, vazirlik elektron kooperatsiya portali orqali amalga oshiriladigan innovatsion mahsulot va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishga oid shartnomalarning reyestrini yuritib, investitsion loyihalarda innovatsiyalarni joriy qilish, hududlarda o‘zlashtiriladigan investitsiya loyihalarini texnologik yechimlar bilan to‘ldirish, shu yo‘nalishlarga investitsiya olib kelinishida ko‘maklashadi.