«Tolibon» harakati delegatsiyasi 25−26 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Moskvada bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ma’lum qildi, deb xabar berdi «RIA Novosti».

Tashqi ishlar vazirligi avvalroq 11−12 iyul kunlari vazir v. b. boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyada bo‘lib, parlament, TIV va Rossiyaning boshqa idoralarida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi haqida xabar bergan edi.

Vladimir Norovning ta’kidlashicha, «Tolibon»ning konferensiyadagi ishtiroki «biz ularni tan olamiz, degani emas».

«Biz ushbu konferensiya orqali hozirgi hukumatga yetkazmoqchimizki… Bu ularning Toshkent uchrashuvi doirasida qabul qilingan va u yerda imzolangan xalqaro majburiyatlarini bajarishga qaratilgan», — dedi vazir v. b.

«Bizning pozitsiyalarimiz — Rossiyaniki ham, O‘zbekistonniki ham, qo‘shni davlatlarniki ham bir xil: „Tolibon“ harakati o‘z majburiyatlarini bajarishi, mamlakatdagi barcha siyosiy, etnik va diniy guruhlarni qamrab oluvchi inklyuziv hukumat yaratishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

25−26 iyul kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi va unda 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy harakat iyul oyi oxirlarida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan konferensiyaga taklif qilinganini bildirgan edi. Qo‘shni mamlakat muvaqqat hukumati O‘zbekistonga Savdo vazirligi vakillari boshchiligidagi delegatsiyani yuborish istagini ma’lum qilgan edi.