Senatning 28-yalpi majlisida «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun bir ovozdan ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatda Favqulodda vaziyatlar vazirligi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida qayd etilmoqda.

Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlarni bajarish, e’lon qilish xavfi yuzaga kelganligi to‘g‘risida aholiga xabar berish, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning aniq vazifalari hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlariga rahbarlik qilish va yana bir qator holatlar yangi normalarda mustahkamlandi.

Vazirlik uning vakolatlariga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik ijrosini ta’minlaydi. Kutilmagan vaziyatlarni oldindan prognoz qiladi. Uning oldini olish hamda bartaraf etish rejalarini ishlab chiqadi.

Shuningdek, hujjatda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAVning ishtirok etish tartibi belgilandi.

Xususan, vazirlik kutilmagan hodisalarni bartaraf etishda ishtirok etish, aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin.

Shuningdek, ushbu qonunda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish va shoshilinch tarzda foydalanish tartibi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tartibi, e’lon qilish, bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qilish va rahbarlik qiluvchi shaxslarning vakolatlari hamda vazirlik va idoralarning (Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Tashqi ishlar, Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Qurilish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari va boshqalar) vazifalari yangi alohida moddalarda belgilangan.