Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent va Sirdaryoda o‘zining farzandini sotishga uringan ayollar hibsga olingani haqida xabar berdi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi (1994 y.t.) A.Sh. 15 iyun kuni tug‘ilgan farzandini 35 ming AQSh dollariga sotib, kelgusida bolani qaytarib olish uchun da’vo qilmaslik bo‘yicha tilxat yozib bergan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning mazkur noqonuniy harakatini amalga oshirishida yordam bergani uchun 200 AQSh dollari olgan tug‘ruqxona shifokori ham qo‘lga olindi.

Shunga o‘xshash yana bir holat Boyovut tumanida kuzatildi. Huquq-tartibot organlari xodimlari tezkor tadbirda 1993 y.t. X.D. o‘zining 2018 y.t. o‘g‘lini 16 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushladi, deyiladi xabarda.

Mazkur holatlar yuzasidan gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, iyun oyi o‘rtalarida Guliston shahrida 26 yoshli ayol o‘zining 1 yoshli farzandini 15 ming dollar evaziga sotayotgan vaqtida ushlangani haqida yozgandik.