Dunyo yalpi ichki mahsulotining qariyb uchdan bir qismi dunyo aholisining yarmidan sal ko‘prog‘i istiqomat qiluvchi shaharlarda to‘plangan. Shaharlarning obodligi qishloq aholisini o‘ziga jalb qiladi. Odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda ular o‘rtasida ko‘proq g‘oyalar va aloqalar, ko‘proq xizmatlar va pullar mavjud. Qolaversa, shaharlarda ta’lim, tibbiyot, jamoat transporti, ko‘ngilochar xizmatlar darajasi yaxshi rivojlangan, asosiy infratuzilmalar — elektr, suv, issiqlik va kanalizatsiya bilan yaxshi ta’minlangan bo‘ladi.

Bu imtiyozlar qishloq aholisini shaharlarga yaqinlashishga undaydi. Biroq, BMTning 2018-yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston shaharlarida mamlakat aholisining yarmidan bir oz ko‘prog‘i istiqomat qiladi. Jahon bankining “Vaqt keldi: O‘zbekiston urbanizatsiyadan qanday qilib barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?” hisobotiga ko‘ra, xuddi shunday rivojlanish darajasiga ega mamlakatlarga qaraganda bu nisbatan past ko‘rsatkichdir.

2018-yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning urbanizatsiya darajasi bundan ham past ekani va 35,5 foizni tashkil etishini ta’kidlagan edi. Bu 2014-yildagi ko‘rsatkich bo‘lib, BMT hisobotiga ko‘ra, Osiyo (48 foiz) va hatto Afrika (40 foiz) uchun xos bo‘lgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan past hisoblanadi.

“Hozirdan boshlab zarur choralar ko‘rilmasa, ushbu ko‘rsatkich yaqin kelajakda pasayishi mumkin”, — degan edi davlat rahbari. U faqatgina poytaxt va viloyat markazlari bo‘lgan shaharlarni emas, avvalo, hududlarda joylashgan shahar va posyolkalarni kompleks rivojlantirish, 2030-yilgacha urbanizatsiya darajasini 60 foizga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi.

Urbanizatsiya O‘zbekiston taraqqiyoti uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi. Shaharlarning o‘sishi butun mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishi va aholi turmush sharoitini yaxshilashi mumkin. Iqtisodchilar Behzod Hoshimov va Nuriddin Ikromov har qanday mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ko‘lamini oshirish orqali samaraliroq bo‘lishini ta’kidlagan edi. Aholi zich joylashgan hududlarda ish joylarini egallashi mumkin bo‘lgan potensial ishchilar mavjudligi tufayli ishlab chiqarish ko‘lamini oshirish osonroq.

urbanizatsiya, shahar

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Shaharlar korxonalarga mutaxassislarni yollash, logistika, kelishuvlarni amalga oshirish va biznes yuritishni osonlashtiradi. Ba’zi faoliyatlar faqat katta shaharlarda foyda keltiradi. Konsert zallari, ko‘rgazma majmualari aholi zichligi yuqori joylardagina samarasini beradi. Qaynayotgan shahar hayoti budjetga ko‘proq soliq tushumlarini olib keladi va uning fuqarolari uchun gart-sharoitlarni oshirishga imkon yaratadi.

Global tajriba shuni ko‘rsatsoqdaki, urbanizatsiya darajasining pastligi qishloq aholisi shaharlarga ko‘chib o‘tishni istamasligini anglatmaydi, axir odamlar yaxshiroq va farovon yashashga intiladi-ku. Aksincha, bu odamlarning iqtisodiy rivojlanish markazlariga boradigan yo‘lidagi to‘siqlar haqidagi signaldir.

Jahon banki mutaxassislari O‘zbekistondagi samarasiz urbanizatsiya sabablari va barqaror shahar iqtisodiy o‘sishiga to‘siqlar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. “Gazeta.uz” “Vaqt keldi: O‘zbekiston urbanizatsiyadan qanday qilib barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?” hisobotining qisqacha sharhini taqdim etadi.

O‘zbekiston shaharlari qanday rivojlanmoqda?

1960-yillardan 2008-yilgacha O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayoni Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonga qaraganda tezroq kechdi. Biroq so‘nggi yillarda shaharlar va mamlakat aholisining o‘sishi davom etayotganiga qaramay, shahar aholisi ulushining kamayishi kuzatilmoqda.

urbanizatsiya, shahar

Manba: Jahon banki “Vaqt keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?”

2010-yildan 2020-yilgacha O‘zbekiston aholisi 20 foizga oshgan. Qishloq aholisi shaharlarga qaraganda, kichik shaharlar aholisi esa yirik shaharlarga qaraganda tezroq o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, mamlakatdagi kichik shaharlarning deyarli 80 foizi 100 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan shahardan 50 km uzoqlikda joylashgan.

Eng tez rivojlanayotgan jamoalarning aksariyati funksional jihatdan yirik shaharlarning bir qismidir. Shahar atrofi zichligi oshib, shahar darajasiga yetmoqda. Bir nechta kichik aholi punktlari va markazdagi katta shahar birgalikda ulkan urbanizatsiyalashgan hududni shakllantirmoqda. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yuqori tuzilma aholisining faqat bir qismi shaharliklardir.

Jahon banki tadqiqotida qayd etilishicha, shahar aholisi ulushining kamayishi O‘zbekistonning deurbanizatsiya belgisi emas. Aksincha, hozirgi urbanizatsiya noto‘g‘ri tushuniladi va mutlaqo yetarlicha baholanmayapti, chunki rasmiy shahar chegaralari shaharlarning haqiqiy hajmini aks ettirmaydi. Shu sababli, Jahon banki shahar hududlarini BMT tomonidan tasdiqlangan GHS (Global Human Settlement) metodologiyasi — tarmoqli aholi ma’lumotlar bazasi bo‘yicha ko‘rib chiqishni taklif qiladi.

Quyidagi rasmda shahar qurilishlari dog‘lar ko‘rinishida yirik shaharlar atrofida qanday to‘planganligi aks ettirilgan. Bunday rivojlanish asosan xususiy yakka tartibdagi turar-joy binolari bilan ifodalanadi va aholi zichligi past bo‘lgan joylarning tarqalishiga olib keladi.

urbanizatsiya, shahar

Manba: Jahon banki “Vaqt keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?”

Shahar rivojlanishining ushbu tendensiyasi hududlarning transport aloqasi pastligi, aholini infratuzilma bilan ta’minlanmaganligi, ta’lim, tibbiyot, ko‘ngilochar va boshqalarga yetishishning qiyinligi kabi muhim kamchiliklarga ega.

urbanizatsiya, shahar

Manba: Jahon banki “Vaqti keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?”

Urbanizatsiyaning haqiqiy manzarasi O‘zbekiston shaharlarining tez sur’atlar bilan o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Urbanizatsiya darajasini shaharlarning rivojlanish joylari bo‘yicha baholash O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 85 foizdan oshishi mumkinligini ko‘rsatadi. Katta ehtimol bilan bu raqam haddan tashqari oshirilgan, deyiladi Jahon banki tadqiqotida. Aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar yo‘qligi sababli urbanizatsiyaning to‘liq manzarasi noma’lumligicha qolmoqda. Biroq, rasmiy statistika va GHS natijalari o‘rtasidagi bunday chuqur tafovut, rasmiy statistika urbanizatsiya manzarasining qisman aks ettirishidan dalolat beradi.

Aholining shahar atroflarida to‘planishi faqat O‘zbekistonga xos emas. Xuddi shunday manzara rivojlanayotgan mamlakatlarda, masalan, Janubiy Amerikada ham kuzatilmoqda. Bu hodisa “yashirin urbanizatsiya” deb ataladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharlar tobora o‘sib bormoqda va siqishmayapti. 15 yil davomida Toshkent shahri aholisi 10,9 foizga, zichligi esa atigi 2,2 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, Ashxobod, Olmaota va Dushanbeda aholi zichligi 26−36 foizga oshgan.

Bularning barchasi O‘zbekistonda shaharlar o‘sishini boshqarish yomon ekanligidan dalolat beradi. Global amaliyot shuni ko‘rsatadiki, yomon boshqariladigan urbanizatsiya inson farovonligi darajasining oshishiga olib kelmaydi.

O‘zbekiston shaharlari iqtisodiyoti

Shaharlar iqtisodi o‘sishiga urbanizatsiyaning o‘zi emas, balki unga hamroh bo‘lgan ta’sir hisoblanadi. Asosiy rolni odamlar va kapitalning harakatchanligi, yer resurslarini qayta taqsimlashning qulayligi va shaharni boshqarish sifati o‘ynaydi. Shaharlar iqtisodi o‘sishi uchun davlat siyosati va mahalliy darajadagi boshqaruv shaharlar o‘sishidan foyda olishga olib kelishi, ko‘chib o‘tishlarning salbiy oqibatlari pasayishi kerak.

urbanizatsiya, shahar

Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”

Boshqacha qilib aytganda, biznes uchun shaharlarda ishlash foydalidir, chunki ularda potensial xodimlar, yetkazib beruvchilar mavjud, korxonalar tomonidan infratuzilmalardan foydalanish arzonroq. Ammo agar shaharlar betartib rivojlansa, asosiy infratuzilmani saqlash va rivojlantirish uchun davlat investitsiyalari yetarli bo‘lmasa, urbanizatsiyaning salbiy oqibatlari kuchayib, shaharlar kamroq pul olib keladi. Tirbandliklar, elektr energiyasidagi uzilishlar, ishonchsiz suv ta’minoti — bularning barchasi xususiy sarmoyani to‘xtatadi va biznesni yo‘qotishga olib keladi.

Urbanizatsiya iqtisodiy o‘sish bilan bog‘liq bo‘lgan mamlakatlarda (Braziliya, Turkiya, Malayziya) aholisi 100 ming kishidan ortiq bo‘lgan shaharlarning yalpi ichki mahsuloti darajasi umummilliy ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori. Bu shahar iqtisodiyotining o‘sishi urbanizatsiyalashgan mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.

urbanizatsiya, shahar

Manba: Jahon banki “Vaqti keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?”

Insoniyatning deyarli butun tarixi davomida dunyo aholisining ko‘p qismi (hatto 1800-yilda — 97%) qishloq joylarda yashagan. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar jarayonining boshlanishi hamisha bir xil ssenariy asosida bo‘lib kelgan. Dastlab aholining katta qismi qishloq xo‘jaligida band edi. Ishchi kuchining asosiy qismi kam malakali bo‘lib, o‘rtacha ish haqi nisbatan past edi.urbanizatsiya, shahar

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Ammo qishloq xo‘jaligida texnologiyani qo‘llash qo‘l mehnatiga bo‘lgan talabni kamaytirdi, shu bir bir qatorda hosildorlik o‘sdi. Qishloq daromadlarining oshishi shaharlarda ko‘proq to‘plangan tovarlar va xizmatlarga talabni keltirib chiqardi. Xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalarining o‘sishi qishloq xo‘jaligidan shaharlarga ko‘proq ishchi kuchini jalb qildi. Odamlarning kuch-quvvati va malakasi yanada samarali iqtisodiyot turlariga to‘plandi, shuning uchun iqtisodiyot va aholi daromadlari o‘sdi.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, yuqori daromadli mamlakatlarda 2020-yilda aholining atigi 3 foizi qishloq xo‘jaligida, 64 foizdan ortig‘i esa xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan. O‘zbekistonda esa 2019-yilda qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 1996-yilga nisbatan yuqori bo‘ldi. 2019-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida qishloq xo‘jaligining ulushi besh baravar, xizmatlar ulushi esa shu davrda Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanishning yuqori darajasiga erishmagan boshqa davlatlaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichning deyarli yarmini tashkil etdi.

urbanizatsiya, shahar

Foto: Shuxrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Hatto poytaxt iqtisodiyotida xizmatlarning ulushi rivojlanish darajasi o‘xshash shaharlar orasida eng past va hatto Bishkek va Dushanbedagidan ham pastroqdir.

Tadqiqotda aytilishicha, O‘zbekiston shaharlarida jon boshiga YAIM ulushi qo‘shnilariga qaraganda past. Shahar iqtisodiyoti unumdorligi Markaziy Osiyo shaharlari uchun o‘rtacha ko‘rsatkichdan past, Yevropa shaharlari uchun o‘rtacha ko‘rsatkichdan esa sezilarli darajada past. Poytaxt O‘zbekiston shaharlari orasida hosildorlik bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biriga ega bo‘lishiga qaramay, Markaziy Osiyo shaharlarining kamida yarmi Toshkent shahriga qaraganda samaraliroq.

Ichki migratsiyani cheklash shahar o‘sishini to‘xtatadi

Shaharlar yuqori mahsuldorlik markazlaridir. Aholi zichligi yuqori bo‘lgan aglomeratsiyalarda ko‘payadi, chunki ishchi kuchining yaqinligi ularning afzalligi hisoblanadi. Biroq bu qonuniyat O‘zbekistonda to‘liq ishlamaydi, chunki aholi va tadbirkorlik faolligi yuqori bo‘lgan joylarda jismoniy shaxslar va firmalar xarajatlarini kamaytirish hisobiga erishiladigan aglomeratsiya iqtisodiyoti — iqtisodiyot turidan foyda olishga to‘sqinlik qiluvchi omillar mavjud; shaharlarda infratuzilma, transport va xizmatlar narxi ushbu resurslarni ko‘p sonli foydalanuvchilar o‘rtasida taqsimlash hisobiga pasayadi.

O‘zbekistonda shaharlar zichligi 1 foizga oshsa, ularning samaradorligi 0,67 foizga pasaygan bo‘lsa, xalqaro ko‘rsatkichlar orasida zichlikning o‘rtacha 1 foizga oshishi samaradorlikning 0,47 foizga oshishiga olib keladi, deya guvohlik bermoqda Jahon banki hisoboti.

O‘zbekistonda qo‘shni davlatlarga nisbatan ko‘proq o‘rta va yirik aglomeratsiyalar mavjud. 1 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan aglomeratsiyalar orasida Toshkent, Andijon, Qo‘qon, Samarqand, Qorasuv-Xo‘jobod, Denov va Namangan shaharlari bor. Bunday bir qator yirik aglomeratsiyalar rivojlanish uchun katta imkoniyat sifatida baholanishi kerak. Ammo bu hududlarning muvaffaqiyati ularning aholisi uchun yaratilgan sharoitlarga bog‘liq.

Toshkent iqtisodiyoti O‘zbekistonning boshqa shaharlariga qaraganda ancha kuchli. Qolaversa, poytaxt va boshqa shaharlar iqtisodiyoti o‘rtasidagi tafovut qo‘shni davlatlarning poytaxti va boshqa shaharlariga qaraganda chuqurroqdir. Bu Toshkentda imkoniyatlar ko‘proq ekanidan dalolat beradi, shuning uchun shahar ichki migrantlar uchun ohanrabo bo‘lishi kerak.

O‘rta va past daromadli Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida eng yirik aglomeratsiya ikkinchi yirik aglomeratsiyaga qaraganda taxminan 70 foiz ko‘proq aholiga ega. O‘zbekistonda Andijon va Qo‘qon aglomeratsiyalari poytaxtdan mos ravishda 36 foiz va 47 foizga kichikdir. Eng yirik shahar markazlari o‘rtasidagi bunday kichik farq qishloq joylarda tug‘ilishning yuqori darajasi va migratsiyani cheklaydigan sharoitlarning natijasi bo‘lishi mumkin.

Propiska tizimining oqibatlari — zaif urbanizatsiyaning asosiy sababi

Toshkent O‘zbekistonning boshqa shaharlariga nisbatan yuqori mahsuldorlikka qaramay, so‘nggi 20 yil ichida O‘zbekistondagi eng sekin rivojlanayotgan ma’muriy hududlardan biri bo‘ldi. Bu qattiq propiska rejimining natijasi edi.

1999-yilgi xurujlardan keyin poytaxtga ko‘chib o‘tishga cheklovlar kuchaytirildi va aholining o‘sish sur’ati boshqa shaharlarga qaraganda ancha past edi. 2011-yilda aholi sonining keskin o‘sishi ro‘yxatga olingan fuqarolarning qonuniylashtirilishi bilan bog‘liq edi. 2012-yilda yangi migratsiya cheklovlari kuchga kirdi, bu esa aholi o‘sish sur’atini yana pasaytirdi. 2016-yilda ayrim cheklovlarning bekor qilinishi aholi sonining ko‘payishiga olib keldi.

urbanizatsiya, shahar

Bunday dinamika shuni ko‘rsatadiki, propiska migratsiyaga jiddiy to‘siq bo‘lgan. Shunday ekan, O‘zbekistonning eng yirik aglomeratsiyasi aholisi ikkinchi yirik shahar hududiga qaraganda atigi 36 foizga ko‘p, Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida esa bu farq ikki baravar katta.

Toshkent shahrida propiska tizimining to‘liq qo‘llanilishi natijasida vaqt o‘tishi bilan ushbu shaharda yashovchi respublika aholisi salmog‘i kamayib borayotgan bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ortib bormoqda. 1960-yillardan boshlab Toshkentda istiqomat qiluvchi O‘zbekiston aholisi salmog‘i ikki barobardan ko‘proq kamaydi. Eng muhimi, bu pasayish 1991-yildan keyin namoyon bo‘lgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda buning aksi kuzatilmoqda. Agar migratsiya to‘siqlari bo‘lmaganida, Toshkent ikki barobar katta, ikki barobar boy bo‘lardi.

So‘nggi yillarda ayrim cheklovlar olib tashlanganiga qaramay, ko‘plab respondentlar, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, tibbiy va ta’lim xizmatlaridan, shuningdek, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Kattaroq shaharda ro‘yxatdan o‘tolmagan muhojirlar esa ko‘chib, ro‘yxatdan o‘tmasdan yashaydi. Ular rasmiy statistik ma’lumotlarga kiritilmagan, shuning uchun shaharlarning haqiqiy aholisi, ayniqsa, eng yiriklarida yetarlicha baholanmasligi mumkin.

urbanizatsiya, shahar

Manba: Jahon banki “Vaqt keldi: O‘zbekiston urbanizatsiyadan qanday qilib barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?”

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, migratsion to‘siqlar migrantlarni ro‘yxatdan o‘tmasdan yangi joylarga joylashishga undasa ham, O‘zbekistondagi ichki migratsiyaning taxminiy darajasi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Migratsiya, bu — nafaqat shaharlarning iqtisodiy o‘sishini oshirish, balki qashshoqlikdan qutulish vositasi hamdir. Biroq O‘zbekiston shaharlarida kambag‘allik darajasi pastroq bo‘lishiga qaramay, ular hali ham xizmatlardan yetarlicha foydalanish imkoniyatini ta’minlamayapti. Ta’lim va sog‘liqni saqlashdan tortib to ko‘ngilochar xizmatlargacha — ularning mavjudligi migrantlar uchun muhim turtkidir.

Katta shaharlarda aholi zichligi yuqori bo‘lganligi sababli davlat xizmatlarini ko‘rsatish narxi past. Xususiy xizmatlarning xilma-xilligini bozorning o‘zi belgilaydi. Toshkent boshqa shaharlarga qaraganda ancha arzon xizmatlarni taklif etadi. Ammo yana bir narsa qiziq: aholisi 500 ming kishidan ortiq bo‘lgan shahar va aglomeratsiyalarda sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish darajasi juda past.

urbanizatsiya, shahar

Manba: Jahon banki “Vaqt keldi: O‘zbekiston urbanizatsiyadan qanday qilib barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?”

Shahar atrofi aholining eng tez o‘sishini ta’minlaydi, ammo shahar atrofidagi aholiga davlat va xususiy xizmatlar yetarli darajada ko‘rsatilmaydi. Bu, qoida tariqasida, odatiy emas, lekin markazlar va periferiyalar (markazdan uzoqdagi joylar va tashkilotlar — tarj.) o‘rtasidagi farq sezilarli darajada.

Immigratsiya cheklovlari shaharlarning tarqalishini qanday kuchaytiradi

Migrantlar yo‘lidagi yana bir to‘siq — bu yangi uy-joylarning yetarli darajada ta’minlanmaganligi va uning narxi. Ko‘pchilik migrantlar uchun, ayniqsa, Toshkentda ijaraga olish imkoni yo‘q. 2018-yilda bitta oilaga to‘g‘ri keladigan umumiy uy-joylar soni 0,943 tani tashkil etgan bo‘lsa, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 0,862 tani tashkil etdi. Natijada, uy-joy narxi ko‘tarildi. O‘zbekistonda mamlakatning o‘rtacha aholisi uchun uy-joyga ega bo‘lish imkoniyati Nyu-Yorkdagi o‘rtacha amerikaliknikiga qaraganda kamroq. Bu qurilishdagi ba’zi qonuniy va noqonuniy to‘siqlar bilan bog‘liq.

Odatda, shaharlarning kengayishi migratsiyaning yuqori darajasi va odamlarning chekka hududlarga joylashishi bilan bog‘liq. Lekin O‘zbekistonda hammasi boshqacha. Migratsiya to‘siqlari tufayli migrantlar shahar chekkasida joylashishni afzal ko‘radi. Shahar atrofidagi hududlarning rivojlanishi asosan tasodifiy paydo bo‘lgan yakka tartibdagi turar-joy binolari bilan ifodalanadi. Qurilishga bunday yondashuv ko‘chalarni kompleks tashkil qilishdagi murakkablik sababli shakllangan. Shahar chekkasida yo‘l va ko‘chalar yetishmaydi, jamoat transporti qatnovi kam, xizmat ko‘rsatish darajasi past.

Shaharlar va chekka hududlar o‘sib borishi bilan O‘zbekistonda ko‘chalar zichligi oshmaydi. Bu yo‘l tarmog‘ini to‘g‘ri rejalashtirmasdan va rivojlantirmasdan shaharlarni kengaytirish va birlashtirishga olib kelayotgan tartibsiz va tizimsiz o‘sish mavjudligini yana bir bor tasdiqlaydi.

urbanizatsiya, shahar

Shahar atrofi katta shahar yo‘nalishi bo‘yicha o‘sadi, buning natijasida aglomeratsiya konturlari yumaloqligini yo‘qotadi va eng kam samarali shaklga — sakkizoyoq ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Ushbu shakl iqtisodiy jihatdan samarasiz, chunki odamlar kerak bo‘lgan shaharning turli nuqtalari orasidagi masofa juda katta, bu esa aholining xarajatlarini oshiradi. Ular yo‘lga ko‘proq vaqt, yoqilg‘iga ko‘proq pul sarflashadi va ko‘proq uglerod chiqindilari chiqadi. Bundan tashqari, odamlarning bir-biri bilan muloqot qilish ehtimoli kamroq bo‘lib, umumiy hayot sifati aholining ijtimoiy imtiyozlar — maktablar, bog‘lar, shifoxonalar bilan notekis qamrab olinishini yomonlashtiradi.

Shu bilan birga, shaharlar aholisining zichligi nisbatan pastligicha qolmoqda. Shahar yerlaridan yetarlicha foydalanilmayapti, qurilish zichligi hamda aglomeratsiya iqtisodiyoti pasayib bormoqda: mahalliy hukumatlar infratuzilmani aholi kam yashaydigan shahar atrofi hududlarigacha kengaytirish maqsadida xarajatlarni oshiradi. Ammo infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun mablag‘ olish tartibi qiyin bo‘lganligi sababli, umumiy hayot sifati pasayadi.

Jahon bankining Qirg‘izistonda o‘tkazgan tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, aholi zichligi yuqori bo‘lgan hududlarda xizmatlar ko‘rsatish narxi past zichlikdagi hududlarga qaraganda taxminan 50 foizga arzon.

urbanizatsiya, shahar

Manba: Jahon banki “Vaqti keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish mexanizmi sifatida foydalanishi mumkin?”

Aniqlik uchun Barselona va Atlantaning transport uglerod chiqindilarini ko‘rib chiqing. Bu shaharlar aholi soni bo‘yicha bir-biriga o‘xshashdir. Atlantaning rivojlanish maydoni Barselonanikidan deyarli 27 baravar katta. Natijada Atlanta transportida uglerod chiqindilari 10 baravar yuqori. Aholini suv, elektr, issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya, yo‘llar bilan ta’minlash Atlantaga aholi jon boshiga ancha qimmatga tushadi: quvurlar va elektr kabellarini ko‘proq tortish, ko‘proq asfalt yotqizish kerak. Katta investitsiyalar bilan bir qatorda, uzatish paytida suv va elektr energiyasining katta yo‘qotishlari ham mavjud. Bundan tashqari, aholi zichligining pastligi odamlarning individual transportga bog‘liqligini oshiradi, chunki jamoat transporti iqtisodiy jihatdan kamroq foyda keltiradi.

urbanizatsiya, shahar

Foto: Nodira Sulaymonova.

Ba’zi ekspertlar aholi zichligining pastligi va shaharlarning kengayishini odamlarga yashashni xohlagan sharoitni tanlash imkonini beruvchi jarayon sifatida ko‘rishadi. Ba’zi mamlakatlarda kam qavatli shaharlarning kengayishi iqtisodiy o‘sish natijasi bo‘lishi mumkin. Bu, agar uy xo‘jaliklari infratuzilma xarajatlari va ekspluatatsion xarajatlarini qoplasa, boshqa imkoniyatlar mavjud bo‘lsa, shahar chekkasida yashash ularning tanlovi bo‘lsa, to‘g‘ri.

Biroq O‘zbekiston misolida odamlarda bunday tanlov bormi, degan savolni berish kerak. Bu kengayishlar hayot sifatining yaxshilanishini kafolatlaydimi? Shahar infratuzilmasi bilan qamrab olish darajasi yetarlimi?

O‘zbekistonda shaharlarning hozirgi o‘sish sur’ati ekin maydonlarining sezilarli darajada yo‘qolishiga olib keladi. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, agar yaqin 30 yil ichida O‘zbekistonning 10 ta eng yirik aglomeratsiyasi (Toshkent, Namangan, Nukus, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Andijon, Qo‘qon, Farg‘ona va Marg‘ilon) 2010−2015-yillardagi kabi o‘sish sur’atlarini saqlab qolsa, 2050-yilda 272 kv. km ekin maydonlari yoki yiliga 1252 tonna g‘alla yoki 12216 tonna sabzavot yetishtirish yo‘qotiladi.

urbanizatsiya, shahar

Shu bilan birga, asosiy o‘sish modeli sifatida zichroq shaharlarga o‘tish 2050-yilga kelib 1,2 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ni tejash imkonini beradi — bu faqat infratuzilma qurilishi (suv ta’minoti, kanalizatsiya, yo‘llar va energetika infratuzilmasi) nuqtai nazaridan, operatsion xarajatlarni hisobga olmaganda.

Biroq maqsad barcha yangi yakka tartibdagi uy-joy qurilishlarini ko‘p qavatli binolar bilan almashtirish bo‘lmasligi kerak. O‘rtacha zichlikni bosqichma-bosqich oshirish talab etiladi. Buning uchun shaharsozlikni ko‘p qavatli va o‘rta qavatli binolar bilan diversifikatsiya qilish kifoya, bu esa yerdan yanada samarali foydalanishga olib keladi.

Migratsiya uchun ilgari mavjud bo‘lgan ma’muriy to‘siqlar aholining O‘zbekiston hududi bo‘ylab taqsimlanishini bozor jarayoni bera olmaydigan darajada shakllantirdi. Cheklovlar olib tashlanishi bilan ko‘plab aholi yirik shaharlarga, birinchi navbatda, Toshkentga yo‘l oladi. Bunga ijobiy munosabatda bo‘lish kerak, chunki shahar va odamlar o‘z imkoniyatlarini ochadi. Biroq shaharlar kelayotgan aholini qabul qilishga tayyor bo‘lishi kerak: infratuzilma, uy-joy, xizmatlar, bo‘sh ish o‘rinlari, shuningdek, shaharni boshqarish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston shaharlarining kengayishi shaharsozlik boshqaruvidagi asosiy ko‘zga tashlanadigan kamchiliklardan biridir. Atrof-muhitning ifloslanishi ortib bormoqda, xizmatlar va ish joylaridan foydalanish qiyinlashmoqda. Ammo nega shahar o‘sishi uchun zichlik o‘rniga kengayish asosiy modelga aylandi? Qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklovlar va rag‘batlantirishlar bunga olib keldi va ular qanday tizimli muammolarni keltirib chiqarmoqda — “Gazeta.uz” Jahon banki hisobotining navbatdagi tahlilida.