Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abega 8 iyul kuni Nara shahrida siyosiy nutq so‘zlayotgan chog‘ida suiqasd qilindi, deya xabar berdi Japan News. Noma’lum shaxs 67 yoshli siyosatchi ko‘chada gapirayotganida uning ko‘kragiga o‘q uzgan. Voqea guvohi bo‘lgan jurnalist ikkita o‘q ovozini eshitganini aytdi. Shinzo Abe hushidan ketgan va kasalxonaga yotqizilgan.

Politsiya gumonlanuvchini qo‘lga oldi. U mana shu shaharda yashovchi 41 yoshli fuqaro ekanligi ma’lum bo‘ldi. Nikkei nashrining yozishicha, u ov miltig‘i bilan siyosatchining orqa qismiga o‘q uzgan.

Sindzo Abe parlament saylovlari kampaniyasi chog‘ida o‘tkazilgan mitingda nutq so‘zlagan edi.

U 2006−2007 va 2012−2020 yillarda Liberal-demokratik partiyadan bosh vazir lavozimida ishlagan. Bu Yaponiya tarixidagi hukumat rahbari lavozimidagi eng uzoq muddatdir. Sobiq siyosatchi 2020 yilning avgust oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli iste’foga chiqdi.

Sindzo Abe O‘zbekistonga 2015 yil oktabr oyida tashrif buyurgandi. U o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Toshkentda rekonstruksiya qilingan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining ochilishida qatnashgandi.