Boris Jonson Konservativlar partiyasi rahbari lavozimini tark etadi, biroq kuzgacha Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimida ishlaydi, deb xabar bermoqda BBC.

Partiya yetakchisi lavozimi uchun kurash shu yilning yozida bo‘lib o‘tadi va yangi bosh vazir oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan partiya konferensiyasigacha o‘z vazifasini bajarishga kirishadi.

Boris Jonson 7 iyul kuni tushdan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qildi. U o‘z murojaatini iste’foga chiqishi Konservativlar partiyasining parlamentdagi fraksiyasi xohishi bo‘lganini va dunyodagi eng yaxshi ishni tark etganidan shaxsan afsusda ekanligini aytish bilan boshladi.

Bosh vazir global va mamlakat miqyosida eng og‘ir davrlarni boshdan kechirgan hukumati erishgan yutuqlaridan faxrlanishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular Breksit masalasini sharaf bilan hal qilishdi, pandemiyani yengish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishdi va Putin agressiyasiga qarshi kurashda jahon hamjamiyatiga yetakchi bo‘lishdi.

Boris Jonson Ukraina xalqiga murojaat qilib, Britaniya har qanday sharoitda ham ularni qo‘llab-quvvatlashda va barcha va’dalarini bajarishda davom etishiga ishontirdi.

U britaniyaliklarga va partiyadoshlariga ishonch bildirgani uchun minnatdorchilik bildirdi va o‘z partiyasini amaldagi hukumat egallab olgan lavozimlardan voz kechmaslikka chaqirdi.

BBC`ning qayd etishicha, Britaniya hukumatidagi bosh vazirga bo‘lgan ishonch bilan bog‘liq inqiroz bir necha oydan beri rivojlanib, shu hafta o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.

Boris Jonsonning ketishi uning hukumati va a’zolari tomonidan misli ko‘rilmagan bosim natijasi bo‘ldi, deb yozadi nashr. So‘nggi kunlarda 50 dan ortiq vazir o‘z lavozimini tark etdi, jumladan, bosh vazirning eng yaqin tarafdorlari, xususan kansler Rishi Sunak va sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Jovid ham.

Butun karerasini Boris Jonsonga qarzdor bo‘lgan ichki ishlar vaziri Priti Patel va transport vaziri Grant Shepps ham uni iste’foga chiqishga chaqirishgan.

Payshanba kuni ertalab Sunak ketganidan keyin 48 soatdan kamroq vaqt o‘tgach lavozimga kirishgan yangi kansser Nadim Zaxavi Jonsonni iste’foga chiqishga chaqirib, «bu chidab bo‘lmas narsa va bundan ham battarroq bo‘ladi» dedi.

Sobiq kansler Rishi Sunak o‘zining iste’foga chiqish haqidagi maktubida bosh vazirdan uzoqlashgani, u va Jonson iqtisodiy jabhada «fundamental kelishmovchiliklar» borligini ta’kidladi.

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Jovid ham iste’foga chiqish nutqida u boshqacha ekanligini ta’kidlashni tanladi. Xususan, Jovid siyosatning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishi uchun qanday hayotiy to‘siqlarni yengib o‘tishi kerakligi haqida gapirdi.

«Jonson imtiyozli aristokratlar oilasidan chiqqan va unga o‘xshash mansabdor siyosatchilar ko‘pincha elektoratning haqiqiy hayoti haqida kam ma’lumotga ega bo‘lgani uchun qoralanadi. Boshqa tomondan, Jovid ko‘pincha uning „oddiy“ ildizlari borligini ta’kidlaydi — jumladan, u xususiy maktabda emas, oddiy maktabda o‘qigan va tug‘ilishdan elita doiralariga mansub bo‘lmagan». deb yozadi BBC.

Boris Jonsonning partiyadoshlari butun yil davomida uni lavozimidan chetlatishga harakat qilishdi. Iyun oyida Buyuk Britaniya Konservativ partiyasidan deputatlar bosh vazir va ularning yetakchisiga ishonchsizlik votumi o‘tkazgan edi. Shundan so‘ng bosh vazir fraksiya a’zolarining 58,5 foizi qo‘llab-quvvatlab, o‘z lavozimini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.