Seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro yosh bolakayni qiynab, massaj qilgani aks etgan video tarqaldi. Soha mutaxassislari bunday massajdan so‘ng, suyaklar sinishi mumkinligini ta’kidlashdi. SSV shaxs diplom hamda malaka toifasiga ega emasligini aniqladi. Holat bo‘yicha sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev ota-onalarga murojaat bilan chiqdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan „uqalash muolajasi“ bilan bog‘liq videolavha barchamizda e’tiroz va nafrat uyg‘otdi. Chunki ushbu xatti-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuyg‘ulariga ham yotdir», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri.

U vazirlikning bu kabi holatlarga nisbatan pozitsiyasi aniq va qat’iyligini bildirdi. «Biz inson hayoti va salomatligiga xavf soladigan, qadr-qimmati va sha’nini toptovchi har qanday xatti-harakatga murosasiz munosabatdamiz», — dedi Musayev.

«Shuning uchun ham mazkur masala yuzasidan o‘rganish natijalari va xulosalarimizni, xususan, uqalash muolajasini bajargan shaxsning tegishli ruxsatnoma, sertifikat, ijara shartnomasi, fizioterapiya yo‘nalishida diplom va malaka toifasiga ega bo‘lmay faoliyat yuritganiga doir faktlarni huquq-tartibot idoralariga taqdim etamiz. Ishonamizki, tez orada ushbu holat o‘z huquqiy bahosini oladi», — dedi u.

Behzod Musayev ota-onalarga murojaat qilib, «tegishli litsenziya, ruxsatnoma va malakaga ega bo‘lmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmasliklarini, agar bunday noqonuniy xatti-harakatlarga duch kelsa, darhol vazirlikning 71−241−10−67 yoki 71−241−82−40 telefon raqamlariga murojaat qilishlarini» so‘radi.

Oldinroq Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar ortopediyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Ahrorbek Jo‘rayev bunday massaj tibbiy uqalash muolajasi standartlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan edi.