Seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada kichik yoshli bolani jismoniy og‘ritib, tibbiyot talablariga mutlaqo mos bo‘lmagan uqalash muolajasi amalga oshirilayotgani aks etgan video tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat bo‘yicha mutaxassislarning fikrlarini e’lon qildi.

Voqea poliklinikada emas, balki ushbu muassasa binosining xususiy korxonaga tegishli bo‘lgan qismidagi xonalardan birida sodir bo‘lgani aytilmoqda.

«Massaj muolajasini bajargan shaxs B.Z. bilan suhbatda u mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnoma va sertifikatga, qolaversa, fizioterapiya yo‘nalishida diplom va malaka toifasiga ega emasligini ma’lum qildi. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi holatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi», — deyiladi vazirlik xabarida.

SSV fuqaroning xatti-harakatlariga tibbiy baho berish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislaridan xulosalar oldi.

Markazning bolalar ortopediyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ahrorbek Jo‘rayevning aytishicha, bolalar ortopediyasi amaliyotida uqalash muolajalari keng qo‘llaniladi va buning qat’iy qoida hamda talablari mavjud. U muolaja jarayonida kasallik turi, bolaning yoshi va holati hisobga olinib, har bir bemorga individual yondashilishi zarurligini ta’kidladi.

«Eng muhim talablardan biri uqalash muolajasi chog‘ida kichik yoshli bemorda qo‘rquv bo‘lmasligi shart. Ammo videoda bola stress holatida ekanini ko‘rdik. Hatto yonida yaqini o‘tirganiga qaramay, tinimsiz yig‘lab, bezovta bo‘lmoqda. Bu uning nafaqat jismoniy salomatligi, balki ruhiyatiga ham juda yomon ta’sir ko‘rsatadi. Qisqa qilib aytganda, tibbiyotda bunday uqalash muolajasiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi u.

Markazning bolalar travmatologiyasi bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Iskander Xodjanovning fikricha, massaj muolajalari ohista boshlanib, yuqori darajaga ko‘tarilgach, yana ohistalik bilan tugashi kerak. «Lekin biz videoda buning butunlay aksini ko‘rdik. Bunday holatlarda uqalash muolajasidan so‘ng paylar jarohatlanishi va hatto suyaklar sinishi kuzatilishi mumkin», — dedi u.

«Massaj jarayonida og‘riq sindromi paydo bo‘lsa, bu kuchli qo‘rquvni keltirib chiqaradi. Ushbu holat esa keyinchalik zararlangan bo‘g‘imlarning umrbod ishlamay qolishi, ya’ni kontraktura paydo bo‘lishiga olib keladi. Shundan kelib chiqib, videodagi muolaja usulini bugungi kun tibbiyotiga butunlay yot, deb hisoblayman», — dedi Xodjanov.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Muratjan Saliyev esa uqalash muolajasi bilim, mahorat va tajriba talab etishini, shu sababli ota-onalar bunday davolash seanslari uchun aynan shu sohaga ixtisoslashgan professional tibbiyot xodimlariga murojaat qilishlari lozimligini aytdi.

«Videodagi xatti-harakatlarga kelsak, bu tibbiy uqalash muolajasi standartlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Gap inson, ayniqsa, jondan aziz farzandlarimiz salomatligi haqida ketar ekan, bu kabi holatlarga aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi, degan fikrdaman», — dedi u.

SSV holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom etayotganini qo‘shimcha qildi.