4 iyul kuni Samarqand shahar Nikoh uyi tomonidan Registon maydonida AQSh fuqarolari Marshall Mayer va Ebru Sanga nikoh guvohnomasi topshirildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Bundan bir necha yil avval, 4 iyul kuni juftlik AQShda Brayton-Bichdagi o‘zbek restoranida taomlanishadi. Suhbat chog‘ida ularning ikkisi ham o‘zbek milliy taomlarini sevib iste’mol qilishi ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng, juftlik hayotidagi muhim sanani Samarqandda nishonlashga ahd qilishadi.

Marshall avval ham Samarqandda bo‘lgan, shahar tarixi va me’morchiligi unga yoqib qolqan. «Shu sabab ham ular Registonni tanlashdi. Ularning nazdida Samarqand abadiylikni aks ettiradigan mo‘jizakor joydir», — deyiladi xabarda.

«So‘nggi ikki yil ichida ikkalasi ham yangi istiqbolli ish topishdi. Ular hatto Turkiyada zaytun bog‘ini sotib olishdi va shu yilning sentabr oyida to‘y qilmoqchi. Ular mehmonlarga o‘zlarining zaytun moylarini berishni rejalashtirishgan», — deyiladi xabarda.

Adliya xabarida FHDYO sohasida xizmat ko‘rsatish tizimining soddalashtirilgani — birgina eksterritorial tamoyili, kompozit xizmatlar, FHDYO arxiv hujjatlarining raqamlashuvi fuqarolarga qulaylik tug‘dirayotgani va bu mamlakatga tashrif buyurayotgan xorijliklar uchun ham imkoniyat taqdim etayotgani qo‘shimcha qilingan.