4 iyul kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan brifingda Nukus voqealariga ham to‘xtalib, Xitoy O‘zbekistonning sa’y harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

«Xitoy tomoni bir necha kun avval O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan voqealardan xabardor. O‘zbekistonning do‘st qo‘shnisi va keng qamrovli strategik hamkori sifatida Xitoy O‘zbekiston Hukumatining milliy osoyishtalikni ta’minlash borasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Xitoy tomoni shunga aminki, prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston mamlakatda osoyishtalik va birlikni saqlashga qodirdir», — dedi Chjao Litszyan.

Bundan tashqari, dushanba kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Turkiya TIV rahbari Mevlut Chavusho‘g‘lu bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tinchlik, xavfsizlik va jamoat osoyishtaligini ta’minlash, ushbu hududning barqaror rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgan qat’iy chora-tadbirlarni Turkiya qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari, Yevropa kengashi rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qilib, «barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini» qayd etgandi. Qolaversa, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qoraqalpog‘istondagi voqealar O‘zbekistonning ichki ishi ekani, Kreml mamlakat rahbariyati faollik bilan muammolarni hal etishiga shubha qilmayotganini bildirdi.