Bosh prokuratura Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yuz bergan ommaviy tartibsizliklar voqeligi ketma-ketligini va sabablarini ma’lum qildi.

Bayonotga ko‘ra, 2022 yil 1 iyul kuni soat 14:50 larda «Yel xыzmetinde» gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov «Telyegram» ijtimoiy tarmog‘ining «Makan.uz» kanali orqali videomurojaat yo‘llab, fuqarolarni 5 iyul kuni soat 17:00 da «Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab» Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan.

Shundan keyin, ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da’vat qilganligi uchun 1 iyul kuni soat 15−30 larda Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar IIO FMBga olib kelingan va hibsga olingan.

«Blogerning IIB xodimlari tomonidan ushlaganini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib, Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borishgan. Keyinchalik 1 iyul kuni soat 17:30 larda Nukus shahri markazidagi „Markaziy dehqon bozori“ MCHJ oldidagi avtomobil yo‘lida tartibsizliklar uyushtirishgan», — deyiladi xabarda.

«Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo‘lsa-da, Tajimuratov va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan-ochiq da’vat qilishgan», — deya qayd etilgan bayonotda.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan. Ular Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy gvardiya xodimining maxsus vositalari — ratsiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, shitlarni qo‘lga kiritgani aytilmoqda.

Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan xujum uyushtirilib, qurol yaroq tortib olingan, «Nukus xalqaro aeroporti»ga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan, deyiladi xabarda.

Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi «Las Vegas» kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo‘lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, «Eski shahar»dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo‘lgan «KamAZ» rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi «Ismoilov Jabbor-bergen» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan vagon yoqib yubo-rilgan. Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi «Do‘stlik» kanali ko‘prigiga, Nukus shahridagi ko‘plab bino-inshootlar va yo‘l to‘siqlariga ham ko‘plab talofotlar yetkazilgan.

Ommaviy tartibsizliklar oqibatida hozirga qadar aniq-langan holatlarga ko‘ra, jami 243 nafar shaxsga, jumladan 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2 iyul kuni Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo‘lgan voqealar oqibatida 18 nafar fuqaro vafot etgani, 243 kishi, shu jumladan, 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimi turli jarohatlar bilan shifoxonalarga yotqizilgani ma’lum qilingandi. Tartibsizliklarda qatnashgan 516 nafar fuqaro hibsga olingan.

Yakshanba kuni Nukus shahrida bo‘lib turgan «Gazeta.uz» muxbiri qariyb bir sutka davomida shovqin chiqaruvchi vosita va o‘q ovozlari eshitilib turgan Nukus shahri tinch ekanligini ma’lum qilgandi. U o‘zining fotoreportajida shifoxonalarda yaralanganlar ko‘pligi, aholi yaqinlarini halok bo‘lganlar va hibsga olinganlar orasidan qidirayotganligi, ko‘chalarda yongan shina va qon izlarini ko‘rish mumkinligi haqida yozgandi. Bundan tashqari, «Gazeta.uz» Nukus aholisi bilan suhbatlashib, voqealar xronologiyasi taxminan qanday bo‘lganini ham o‘rganib chiqqandi.