1 va 2 iyul kunlari Nukusda bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlar fakti bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan 2 iyul kuni Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish — 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) va boshqa moddalar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda 4 iyul, dushanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Bosh prokuratura huzuridagi departament prokurori Abror Mamatov ma’lum qildi.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari Bosh prokuratura rahbarligi ostida DXX, Bosh prokuratura, IIV va Milliy gvardiyaning mas’ul xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Guruh faoliyati, shuningdek, tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari maxsus tuzilgan idoralararo shtab tomonidan muvofiqlashtiriladi, dedi u.

«Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilgan holda olib boriladi, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash uchun barcha choralar ko‘riladi», — dedi Abror Mamatov.