4 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdan tashqari yalpi majlisni o‘tkazdi. Unda 122 nafar deputat qatnashdi.

Unda so‘zga chiqqan deputat Jahongir Shirinov quyidagi ikkita taklifni bildirdi:

  • Prezident taklifiga binoan Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid qismini amaldagi tahrirda qoldirish;
  • Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddatini 15 iyulgacha uzaytirish;

2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlardan so‘ng, prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahriga borib, Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonning huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda qoldirishni ta’kidlagandi. «Konstitutsion islohot faqat xalqning ertangi kunini yaxshi qilish uchun. Qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, birorta modda hech qachon o‘zgarmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishni ochar ekan, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov avvalroq prezident ta’kidlagan iborani takrorladi: «Ayrim joylarda ushbu masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari uchramoqda. Shular qatorida [Qoraqalpog‘istonning maqomi to‘g‘risidagi] moddalarga taalluqli har xil holatlar bo‘ldi».

Palataning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq islohotlari qo‘mitasi raisi, «Milliy tiklanish» partiyasi fraksiyasi a’zosi Jahongir Shirinov o‘z ma’ruzasida aholi va mehnat jamoalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, yig‘ilishlarda so‘zlagan nutqlarini sanab o‘tdi. Shuningdek, u ommaviy axborot vositalarida taklif etilayotgan tuzatishlarni noto‘g‘ri tushunish holatlari kuzatilayotganini ta’kidladi.

Kiruvchi og‘zaki va yozma takliflarni tahlil qilish va tizimlashtirish uchun qo‘shimcha vaqt kerak, dedi u.

Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, «Adolat» partiyasi fraksiyasi rahbari, Qoraqalpog‘istondan saylangan Zuhra Ibragimova muhokama muddatini uzaytirish zarurligini qo‘llab-quvvatladi.

Spiker Nurdinjon Ismoilovning aytishicha, avvalroq «Adolat» fraksiyasi muhokama 10 kun emas, balki ko‘proq davom etishi kerakligini ta’kidlagan.

O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Xaitov fuqarolardan bir kunda 500 dan 1000 tagacha taklif tushayotgani, ularni ko‘rib chiqish va unga munosabat bildirish ancha vaqt talab etishini ta’kidladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, partiya deputatlari mamlakat hududlariga safar qilib, o‘zgartishlarni muhokama qilishda fuqarolarning misli ko‘rilmagan faolligini qayd etmoqda. O‘zgartirishlar mohiyatini imkon qadar ko‘proq odamlarga tushuntirish uchun ham vaqt kerak, dedi deputat va umumxalq muhokamasini 10 kunga uzaytirishni taklif qildi.

Demokratik institutlar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi rahbari, O‘zLiDeP a’zosi Shuhrat Bafayev ta’kidlashicha, muhokamani uzaytirish zarur, chunki «butun xalq taqdiri hal qilinmoqda».

«O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik davlat bo‘lib, hozirda 35 mlndan ortiq aholining taqdiri hal qilinmoqda, shuning uchun muhokama kengroq bo‘lishi kerak». O‘zgarishlar mazmun-mohiyatini barcha millat vakillariga yetkazish maqsadida mamlakatdagi barcha milliy madaniy markazlar bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazishga chaqirdi.

«Milliy tiklanish» yetakchisi Alisher Qodirov o‘z nutqida prezidentning «Xalqimiz nima desa, shu bo‘ladi» degan so‘zlariga to‘xtaldi.

«Bundan kelib chiqib, taklifni o‘z vaqtida qabul qilingan, deb hisoblaymiz», — dedi deputat. Uning qo‘shimcha qilishicha, partiya qisqa vaqt ichida xalq fikrini tinglay olmasligidan qo‘rqadi.

O‘zXDP fraksiyalari rahbarlari Ulug‘bek Inoyatov va Ekologik partiya fraksiyalari rahbarlari Xayrullo G‘afforov bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashlarini aytib, o‘zgartish va qo‘shimchalar loyihasi yuzasidan muhokamalar ko‘lamini kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Konstitutsiyaviy islohotlar komissiyasi a’zosi mamlakat mustaqillikka erishganidan buyon «Men xalqning bunday faolligini hech qachon ko‘rmaganman», dedi. «Yoshlarning ongi juda yuqori. Ular o‘zlarining kelajaglari haqida qayg‘uradilar. Ular juda ko‘p savollar berishadi. Bu esa xalqqa, yoshlarga vaqt berishimiz kerakligini ko‘rsatadi», — dedi u.

Nurdinjon Ismoilov muhokamani yakunlar ekan, «10 kun ham unchalik uzoq muddat emas», dedi. Shu bois u Qonunchilik palatasining ikki mas’ul qo‘mitasidan «ish uslubini o‘zgartirish»ni va bu borada konstitutsiyaviy komissiya yordam berishni so‘radi.


Muhokamalar yakunida deputatlarning ko‘pchiligi 120 nafari mazkur qarorni ma’qullab ovoz berdi, bir nafari qarshi chiqdi va yana bir nafari ovoz berishda qatnashmadi.

Eslatib o‘tamiz, yakshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesida so‘zga chiqib, deputatlarning o‘zlari Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning maqomini o‘zgartirishga oid taklifni kiritgani va ma’qullaganini tanqid qilgandi. «Salgina e’tirozim. Mana shu o‘zlaring bosh bo‘lib, o‘zlaring tashabbus bilan chiqib, o‘zlaring so‘zga chiqib, o‘zlaring tasdiqlagansizlar», — dedi u.

«Men har doim ochiqman-ku. Nimaga menga odamlar norozi deb, telefon qilib aytmadinglar. Men ham odam-ku. Menga ham Qoraqalpog‘istonni ertangi kuni, tinchligi kerak-ku. Shuncha qilgan mehnatimizni endi, sharmanda qilish kimga kerak?», — deya savol bilan yuzlandi prezident.

Eslatib o‘tamiz, 25 iyun kuni «Bu mening Konstitutsiyam» portalida konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun o‘zbek va rus tillarida e’lon qilindi. Muhokama 10 kun — 4 iyulgacha davom etishi hamda Konstitutsiyaviy qonunning yakuniy loyihasi referendumga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.