Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida 1 iyul kuni kunduzi jamoat faoli Dauletmurat Tajimuratovning hibsga olinishi ortidan ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Undan oldin esa respublika aholisi Qoraqalpog‘istonning suveren maqomiga oid o‘zgartirishlarni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritishga qarshi bir necha kunlik yakkaxon va jamoaviy norozilik chiqishlari kuzatilgandi.

Ushbu kunlar davomida hududda avval mobil, keyin esa statsionar internet cheklangandi. Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari voqealar yuzasidan izoh va aholining chiqishlariga ochiq javob bermadi. 1 iyul kechasigacha.

Juma kuni Qoraqalpog‘iston parlamenti rahbari Murat Kamalov namoyishchilar oldiga kelib, Dauletmurat Tajimuratov bilan birga o‘zining mashinasining ustiga chiqib, namoyishchilarga murojaat qilganida, vaziyat tinchlangandek tuyulgandi. O‘sha kuni odamlar «ularni eshitishgani va o‘z maqsadiga erishganidan ko‘ngli to‘lib» tarqala boshladi, deya bizga telefon orqali ma’lum qildi voqea joyida bo‘lgan nukuslik fuqaro.

Barcha suhbatdoshlar bir xil fikrni aytishmoqda: odamlar do‘stona kayfiyatda bo‘lishgan, kun isib ketgani uchun yaqin joydagi do‘konlar egalari barchaga, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga ham suv tarqatgan.

1 iyul kuni kechasi IIV «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar, respublikada amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibatida, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilib, Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishganini» ma’lum qildi. Shundan so‘ng, huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilib, jamoat tartibi tiklandi va «fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda», — deyilgandi xabarda.

Biroq, kech tushishi bilan Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida «biz barchamiz qo‘rqqan hodisa boshlandi», deb so‘zlab beradi voqeaga guvoh bo‘lganlarning biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar uy-uyiga tarqalayotgan vaqtda Jo‘qorg‘i Kenges tomonga taxminan boshqa hududlardan kelayotgan odamlar harakatlanib ketayotgandi.

Bu vaqtga kelib, internetda — asosan xorijiy resurslarda — Nukusda sodir bo‘layotgan voqealar tasvirlangan fotosuratlar va videoroliklar tarqala boshladi. Ishonchli axborot yo‘qligi bois, turli xil taxmin va uydirmalar paydo bo‘ldi.

Barchasi boshlanib ketishiga nima sabab bo‘lganini aytish qiyin. Guvohlarning aytishicha, odamlar ularni fikridan qaytarishga urinishgan bo‘lsa-da, ular bino ichkarisiga kirishga harakat qilgan, qandaydir yosh yigitlar Berdaqning haykali ustiga bayroq bilan chiqib olishgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ularni to‘xtatishga harakat qilishgan. Voqealar ketma-ketligini esa tergov jarayoni aniqlashi kerak.

Qaysidir vaqt portlashlar ovozlari eshitila boshladi — bu ehtimol, ko‘zdan yosh oqizuvchi shashkalarning ovozi edi. Odamlar qocha boshlashdi. Kimdir shashkani ushlab olib, qaytarib otdi. Ayrim shashkalar esa portlab, odamlarga jarohat yetkazdi. O‘sha kuni internetda jarohatlanganlar va kamida ikki kishi halok bo‘lgani tasvirlangan videolar tarqala boshladi.

Biz o‘sha kuni bir qancha mahalliy aholi vakillari bilan telefon orqali gaplashdik — unda portlashlar, taxminan rezina o‘qlar tovushlari, baqir-chaqir va sirena ovozlarini eshitish mumkin edi. Nukusliklar farzandlari qo‘rqishgani va ularni bu feyerverklarning ovozi ekanligini aytib, ovutishganini so‘zlab berishdi.

Ertasi kuni tongda odamlar yana Nukus markazida yig‘ilayotgani haqida xabarlar tarqala boshladi. Portlashlar va o‘q tovushlari kun davomida to‘xtamadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar odamlarni tarqatib yuborish uchun suv purkovchi mashinalar (vodomyot), ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, rezina o‘qlardan foydalanishdi — tarmoqlarda buni tasdiqlovchi ko‘plab foto va videolar mavjud.

Tasvirlarda, shuningdek, namoyishchilar huquq-tartibot organlari xodimlarini haqoratlab baqirayotgani hamda shashkalar va boshqa narsalarni o‘zlariga qayta otayotganini ko‘rish mumkin. Bu qanday vaziyatda yuzaga kelgani va undan oldin nima sodir bo‘lganini qisqa videolardan anglash mushkul.

Kechasi Nukusga O‘zbekiston prezidenti uchib bordi. U Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari bilan uchrashib, Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning maqomini o‘zgartirishni o‘zlari taklif qilgani va tasdiqlashganini tanqid qildi. Shuningdek, u odamlarning noroziligi haqida xabar bermaganligi uchun deputatlarga tanbeh berdi. «Qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, birorta modda hech qachon o‘zgarmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘sha kuniyoq respublikada favqulodda holat e’lon qilish to‘g‘risidagi farmon imzolandi. Yakshanba, 3 iyul kuni prezident yana Nukusga bordi.

Ushbu o‘tgan kunlar davomida Qoraqalpog‘iston aholisi bizga qo‘ng‘iroq qilib, «u yerda nima bo‘layotgani haqida haqiqatni so‘zlab berishimizni» iltimos qilishdi. «Barchaga biz provokator, separatist emasligimizni, biz oddiy odamlar ekanligimiz, faqatgina bizni tinglashlarini xohlashimizni aytinglar», — deya ko‘z yoshlari bilan so‘radi bir ayol.

Yakshanba kuni ertalab «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov Nukusga yetib bordi. U shahar bo‘ylab yurib, so‘nggi kunlardagi voqealar oqibatlarini fotokameraga muxrladi.

Hozirda shahar tinch, portlash va o‘q tovushlari boshqa eshitilmayapti. Ko‘chalarda huquq-tartibot xodimlari va harbiylarni ko‘rish mumkin. Ertalab avtomobillar ko‘p emas edi, kunduzi esa soni orta boshladi. Internet vaqti-vaqti bilan yoqilmoqda, biroq, asosan unga kirishning imkoni yo‘q. Telefon aloqasi va SMS ishlayapti. Soat 18:00 ga kelib, ko‘chalar blokpostlar olinib, transport harakati tiklana boshlandi.

Markazdan uzoqroq ko‘chalarda shinalar yonayotgani, qonlar izlari, ustki va oyoq kiyimlar, shashkalar qoldiqlari, patronlarning gilzalarini ko‘rish mumkin. Tibbiyot muassasalarida yaralanganlar ko‘p. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, 2 iyul kuni tez yordam mashinalari jarohatlanganlarni tez-tez olib kelib turishgan, bugun esa — kamroq.

Mahalliy aholi yaqinlarini yaralanganlar, halok bo‘lganlar va hibsga olinganlar orasidan qidirmoqda. Ba’zilarning aytishicha, ularning farzandlari, erlari, qo‘shnilari ko‘chada bo‘lishgan yoki oziq-ovqat uchun tashqariga chiqishgan va endi ularning qayerdaligi haqida hech narsa ma’lum emas. Ularning barchasi qurolsiz bo‘lganliklari ta’kidlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni namoyishlar oqibatida aholi va huquq-tartibot organlari xodamlari orasida qurbonlar borligini tasdiqladi. U tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga, qo‘riqlanadigan hududlarga zo‘ravonlik bilan bostirib kirishga, binolarga tosh va turli buyumlar otishga, «bir necha guruh qurollarni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallab olishga uringanini» ma’lum qildi.

Shu kuniyoq aholi bilan uchrashuvda Nukus hokimi Utemurat Panayev dushanba kunidan boshlab shaharda bozorlar, bolalar bog‘chalari ishlay boshlashi va jamoat transporti harakati tiklanishini aytdi.

«Gazeta.uz» jurnalistikaning barcha standartlariga rioya qilishga, e’lon qilinayotgan barcha faktlarni qayta tekshirishga va rasmiy organlarda mavjud ma’lumotlarni tasdiqlashga intiladi. Shuning uchun ham bizning muxbirimiz voqea joyiga yetib bordi. Biroq, davlat idoralarining tezkor ma’lumotlari bo‘lmagan, shu jumladan vafot etganlar va yaralanganlar statistikasi e’lon qilinmagan sharoitda, garchi biz maksimal darajada buning oldini olishga harakat qilsak-da, ba’zi ma’lumotlar to‘liqsiz yoki xato bo‘lishi mumkin.

Foto

Yakshanba kuni ko‘chalarda vaziyat ancha tinch edi, odamlar o‘z yumushlari bilan ko‘chaga chiqishdi.

Respublika sud ekspertizasi markazidagi odamlar.

Shifoxonadagi yaralangan fuqaro.

Tibbiyot muassasasidagi yaralangan fuqaro.

Shoshilinch tibbiy yordam markazidagi odamlar.

Harbiy shifoxonadagi yaralangan askarlar. Foto: Kun.uz.

Namoyishlar vaqtida zararlangan transportlar.

Suv tashuvchi manisha yonib ketgan.

Namoyishlar oqibatlari.