30 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi, deb xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

«Sizlar bilan uchrashish, ko‘nglingizdagi ezgu orzu va rejalaringiz bilan o‘rtoqlashish, taklif va tashabbuslaringiz haqida eshitish menga doimo quvonch va g‘urur bag‘ishlaydi», — dedi u o‘z nutqida (prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov keltirgan iqtibos).

Shavkat Mirziyoyev dunyodagi murakkab vaziyat haqida ham gapirdi: «Har kuni yangi-yangi xavf-xatarlar va tashvishlarga duch kelayapmiz. Bunday vaziyatlarda xalqimizning irodasi va matonatiga tayanib, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni topish uchun birgalikda intilmoqdamiz. Mehnatkash va bag‘rikeng, olijanob xalqimiz, sizday bilimli, faol va shijoatli o‘g‘il-qizlarim bor ekan, biz har qanday qiyinchiliklarni albatta yengib o‘tamiz!»

Uning aytishicha, mamlakatda «Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash — barchamizning bosh maqsadimizdir!» shiori ostida islohotlarning yangi davri boshlanmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident shu kunlarda mamlakatda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarning umumxalq muhokamasi davom etayotganini eslatdi. «Bu borada kelib tushgan taklif va tashabbuslarning 70 foizdan ortig‘i aynan yoshlarimiz tomonidan bildirilgani meni juda quvontirdi», — dedi u.

«Albatta, yangilanayotgan Konstitutsiya, bu — sizlarning Konstitutsiyangiz!», — dedi davlat rahbari yoshlarga murojaat qilib. «Hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan, Yangi O‘zbekistonni hamda Uchinchi Renessansning bunyodkorlarisiz», — dedi u.

Prezident yoshlarga o‘z oldiga qo‘ygan reja va marralarga erishishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanini bildirdi.

«Qoraqalpog‘istondan Andijongacha, Surxondaryodan Toshkentgacha — barcha hududlardagi yoshlarimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsadimiz yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib, dadil olg‘a intilishlari kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston yoshlari va rahbariyatiga murojaat qilar ekan, «Buyuk qoraqalpoq xalqini, buyuk qoraqalpoq xalqi yoshlarini» tabrikladi. U «ikki xalq mehr-oqibat va mushtarak fikr bilan birlashib, bir-biriga qarindosh bo‘lib yashashini» ta’kidladi.

«Yagona zamin, yagona xalq sifatida biz hamjihatlikda harakat qilamiz, shu tufayli Qoraqalpog‘iston ulkan maqsadlar va natijalarga erishmoqda», — dedi prezident.

«Albatta, qabul qilingan O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida biz ham Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish strategiyasini qabul qildik, har bir ovul, qishloq, chekka mahallalarni obodonlashtirish uchun alohida mablag‘ ajratdik. Bu esa mehnatimizning ilk nishonasi, xolos», — dedi u.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev bayramda o‘tgan yili kuzda Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, Bo‘zatov tumani yoshlari bilan qo‘shiq kuylaganini esga oldi va Bo‘zatovni «O‘zbekistonning madaniy o‘chog‘i, madaniy markazi» deb atadi.

«Har safar aytaman, bag‘rikeng, tanti, qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tayotgan qoraqalpoq xalqini yuragimdan e’zozlayman. Mehr va g‘urur bilan aytaman, men nafaqat O‘zbekiston, Qoraqalpog‘istonning ham farzandiman, deb yana bir marta ta’kidlamoqchiman», — dedi prezident yig‘ilganlarning olqishlari ostida.

Aprel oyida hukumat qarori bilan Qoraqalpog‘istonni 2026 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Hujjatda hududni yuksaltirishning muhim nuqtalari va omillari belgilanib, besh yil ichida YAIM va sanoat ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar oshirish vazifasi qo‘yilgan.