O‘zgidromet 1−3 iyul kunlari kutiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududi bo‘yicha iyun oyi oxirida kuzatilgan anomal issiq ob-havo davridan so‘ng, kecha va bugun issiq asta-sekin pasayib bormoqda.

Juma kuni kunduzi respublika bo‘yicha havo harorati +35…+38 daraja atrofida bo‘ladi. Dam olish kunlari issiq yana ko‘tarila boshlaydi. Yakshanba kuniga kelib, harorat +38…+41 darajagacha ko‘tariladi.

Ushbu kunlarda janubiy hududlarning eng chekka qismida +43…+45 darajagacha bo‘lgan harorat bilan juda issiq ob-havo saqlanib turadi.

Biroq, bu issiq uzoq vaqt davom etmaydi. Keyingi haftaning boshidan respublika hududiga Volga bo‘yi hududlaridan salqin havo kirib keladi. Dushanba kunidan harorat asta-sekin pasayishni boshlaydi va haftaning aksariyat qismida +30…+35 daraja atrofida, ba’zi joylarda +37…+38 gacha bo‘ladi.

Respublika hududining katta qismida bugun va dam olish kunlari asosan kam bulutli ob-havo kuzatiladi, faqat Qoraqalpog‘istonda 3 iyulda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin. 3 iyulda shimolda va cho‘l hududlarda shamol 23−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

1−3 iyulda Farg‘ona viloyatining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida glyatsial (muz) sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.